Belgiya parlamenti delegatsiyasining uchrashuvlari
O'zbekiston
Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida mamlakatimizga tashrif
buyurgan Belgiya Qirolligi parlamenti Vakillar palatasi raisi Zigfrid Brake
rahbarligidagi delegatsiya a'zolari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.
O'zbekiston
Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov bilan
uchrashuvda O'zbekiston va Belgiya hamkorligi siyosiy, savdo-iqtisodiy va
gumanitar sohalarda izchil rivojlanib borayotgani alohida ta'kidlandi.
O'zbekiston bilan Belgiya o'rtasidagi
parlamentlararo munosabatlar tobora faollashmoqda. Belgiya parlamenti
vakillari, "Belgiya – O'zbekiston" parlamentlararo hamkorlik guruhi a'zolari
mamlakatimizda o'tkaziladigan xalqaro anjumanlarda muntazam ishtirok etib kelayotir.
Iqtisodiy sohada O'zbekiston bilan Belgiya
o'rtasida eng ko'p qulaylik yaratish tizimi joriy qilingan. O'zbekiston
Belgiyaga paxta tolasi, gazlama, noorganik kimyo mahsulotlari eksport qiladi.
Belgiyadan mamlakatimizga mexanik uskunalar, farmatsevtika mahsulotlari,
plastmassa buyumlar, kauchuk va rezina keltiriladi. 1999-yildan Toshkentda
Valloniya Eksport va xorijiy sarmoyalar bo'yicha agentligi (AWEX) vakolatxonasi
faoliyat ko'rsatmoqda. O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan G'arbiy
Flandriya Savdo-sanoat palatasi o'rtasida hamkorlik to'g'risidagi memorandum
imzolangan. Mamlakatlarimizda qishloq xo'jaligi, savdo, iqtisodiyot, sarmoya,
shaharlar infratuzilmasini takomillashtirishga bag'ishlangan qator biznes-forum
va taqdimotlar, ishbilarmonlar uchrashuvlari o'tkazilmoqda.
Belgiya parlamenti delegatsiyasi a'zolari
O'zbekistonning tinchlikparvar siyosatini, mintaqada xavfsizlik va
barqarorlikni ta'minlashga qaratilgan sa'y-harakatlarini yuqori baholadi.
O'zbekiston bilan parlamentarizm, savdo, iqtisodiyot kabi sohalardagi
aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini alohida qayd etdi.
– O'zbekiston muhim strategik hamkorlarimizdan,
– dedi Zigfrid Brake. – Davlatingiz mintaqada tinchlik, xavfsizlik va
barqarorlikni mustahkamlashga alohida e'tibor qaratmoqda, shu tariqa
mintaqadagi osoyishtalik va farovonlikka ulkan hissa qo'shmoqda.
Mamlakatingizda tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar, soha
taraqqiyoti uchun yaratilgan imkoniyat va qulayliklar e'tiborga molik. Biz
O'zbekistonning "Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari"
strategiyasi bilan ham yaxshi tanishmiz. Mamlakatingizda amalga oshirilayotgan
bunday keng ko'lamli islohotlar xalqingiz farovonligining asosidir. Turli
yo'nalishlardagi o'zaro hamkorligimizni yanada ravnaq toptirish
niyatidamiz.
Belgiya delegatsiyasi a'zolari mamlakatimiz Oliy
Majlisi Qonunchilik palatasi, uning qo'mitalari, fraksiyalari va deputatlik
guruhlari faoliyati bilan tanishtirildi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va
fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari qo'mitasi raisi, Oliy Majlisning
Belgiya Qirolligi parlamenti bilan hamkorlik bo'yicha guruhi rahbari A.Saidov
bilan uchrashuv chog'ida ikki mamlakat o'rtasida parlamentlararo munosabatlarni
rivojlantirish, qonun ustuvorligini ta'minlash, savdo-iqtisodiy kabi qator
sohalardagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, o'zaro tajriba almashuvini
faollashtirishga oid masalalar muhokama qilindi.
Belgiya delegatsiyasi O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirliklarida ham muzokaralar o'tkazdi.