Buxoro viloyatida 85 kilometr yangi zamonaviy yo'l qaytadan qurildi
Yaqinda xalqaro ahamiyatdagi A-380 "G'uzor-Nukus-Qo'ng'irot-Beyneu" avtomobil yo'lining 355-440 km qismlarida – Buxoro viloyatining Romiton, Jondor va Peshku tumanlari hududlaridan o'tuvchi 85 km qismini 2 tasmali asfaltbeton qoplamali yo'ldan 4 tasmali tsementbeton qoplamali avtomobil yo'liga o'tkazish loyihasi bo'yicha rekonstruktsiya qilish ishlari to'liq yakunlandi.
O'zbekiston Respublikasi yo'l-transport sohasidagi 30 dan ortiq xalqaro konventsiyalar, shartnomalar va kelishuvlar a'zosi hisoblanadi. Mamlakatimiz, shuningdek, xalqaro tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilgan – milliy transport kommunikatsiyalarini takomillashtirish va xalqaro transport tizimiga integratsiya qilish bo'yicha bir qator davlatlararo dasturlarning faol ishtirokchisi hamdir. Respublikamiz hududidan 20 dan ortiq xalqaro avtotransport yo'nalishlari o'tgan.
Mamlakatimizdagi yo'l-transport sohalari bo'yicha olib borilayotgan siyosatning asosiy maqsadi - xalqaro transport kommunikatsiyalariga integratsiya qilish, tashqi savdo va tranzit yuklarini tashish uchun samarali xalqaro yo'nalishlarni rivojlantirish, yo'l-transport kompleksini modernizatsiya qilish va tranzit potentsialini oshirishdir.
Agar bundan 20 yil avval eksport-import yuklarini tashish uchun faqatgina 2 yoki 3 ta yo'nalishdan foydalanilgan bo'lsa, bugungi kunda Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida 10-12 ta alternativ yo'nalishlardan foydalanish imkoniyatiga egamiz.
A-380 avtomobil yo'li xalqaro Е-40 Xalqaro transport yo'nalishining O'zbekistondagi qismi hisoblanib, u orqali Markaziy va Sharqiy Yevropa, Rossiya, Ukraina va Qozog'iston mamlakatlariga chiqish ta'minlanib, O'zbekiston orqali trans-afg'on transport yo'nalishiga bog'lanadi. Ushbu avtomagistral Qoraqalpog'iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlari hududidan o'tib, davlatlararo, viloyatlararo aloqalarni ta'minlashda ham muhim bo'g'in hisoblanadi. Avtomagistral o'z navbatida xalqaro ahamiyatdagi M-37 "Samarqand-Buxoro-Olot" va M-39 "Olmaota-Toshkent-Termiz" avtomobil yo'llarini bog'laydigan muhim xalqaro yo'nalish bo'lib, trans-afg'on transport yo'nalishining shimoliy tarkibiy qismi ham hisoblanadi.
Mazkur loyihaning umumiy qiymati 175,2 mln. AQSh dollarini tashkil etib, ushbu ishlarni amalga oshirish uchun bosh pudratchi tashkilot etib – Koreya Respublikasining "POSCO Engineering & Construction Co. Ltd." kompaniyasi belgilangan.
Ushbu ishlarni bajarishda 400 donadan ortiq yo'l qurilish texnikalari jalb qilindi. Qurilish davomida 600 ga yaqin mahalliy mutaxassislar va ishchilar tun-u kun mehnat qilishdi.
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 16 fevraldagi 128-F farmoyishi bilan Davlat qabul komissiyasi tomonidan imzolangan ob'ektni foydalanishga topshirish dalolatnomasi tasdiqlandi. Ya'ni yo'lning mazkur qismi transport va yo'lovchilar qatnovi uchun rasman ochildi. Bugungi kunda mazkur yo'l jahon andozalariga to'liq javob bergani holda, tsement qoplamaga ega.
Mazkur loyihaning to'liq amalga oshirilishi natijasida, transport xarajatlari miqdori pasaytiriladi, mahalliy va xalqaro tranzit tashishlarning vaqti qisqartiriladi hamda xavfsiz avtomobil yo'llari tarmog'i barpo etiladi.
Shuningdek, bu avtomobil yo'li bu qismining foydalanishga topshirilishi – ichki va tashqi savdoning oshishiga o'z hissasini qo'shadi, shuningdek, qo'shni davlatlar bilan iqtisodiy aloqalarni ta'minlashda muhim bo'g'in bo'lib xizmat qiladi.
Quyidagi suratlarda avtomobil yo'lining rekonstuktsiya qilinishidan avvalgi holati, shuningdek, qurilish jarayonlari, bekat hamda saksovullardan barpo qilingan qum ko'chishi oldini olish qurilmalar aks etgan:
Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasi
matbuot xizmati