Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Elektrotexnika sanoatini rivojlantirishning muhim yoʻnalishlari belgilab berildi

4910 23-May, 2019 Chop etish Yuklab olish (PDF 26 Kb)


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-may kuni elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati maʼlum qildi.

Hayot sifati oʻsishi bilan aholi orasida va iqtisodiyot tarmoqlarida elektrotexnika mahsulotlariga talab tobora oshib bormoqda. Jahon miqyosida bunday tovarlar eksporti hajmi 2 trillion 500 milliard dollardan oshib, yiliga 10 foiz oʻsish kuzatilmoqda.

Bu soha mamlakatimiz iqtisodiyotida alohida oʻringa ega. Ichki bozor, muassasa va xonadonlar yurtimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan taʼminlangan. Oʻtgan yili, masalan, tarmoq korxonalarida 2 mingdan ortiq turdagi 9 trillion 600 milliard soʻmlik tovarlar chiqarilgan.

Shu bilan birga, sohaga keng sharoitlar yaratilganiga qaramay, katta miqdorda elektrotexnika buyumlari import ham qilinyapti. Mintaqa bozorida mamlakatimizning eksport ulushi esa yetarli emas.

Yigʻilishda eksport-import konyunkturasini oʻrganish asosida elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, yangi mahsulotlarni oʻzlashtirish va raqobatbardoshligini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. "Oʻzeltexsanoat" uyushmasiga 2022 yilgacha ishlab chiqarish hajmini ikki baravarga oshirish hisobiga importni optimallashtirish va eksportni 500 million dollarga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

Prezidentimiz buning uchun xomashyoni chuqur qayta ishlab, qoʻshimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish zarurligini taʼkidladi.

Hozirda misdan tayyorlanayotgan mahsulotlarning 50 foizidan koʻprogʻi oddiy simdan iborat. Shuni chuqur qayta ishlab, mis trubkalar, internet va aloqa kabellari tayyorlansa, jahon bozorida qimmatroq sotiladi. Maishiy texnikalar, qurilish, sanoat va meditsina uchun zarur asbob-uskunalar hamda ehtiyot qismlar ishlab chiqarish borasida ham salohiyat yetarli ekani qayd etildi.

Mahsulotlar eksportida transport xarajatlarini kamaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar koʻlamini kengaytirish, ularning tannarxini kamaytirish masalasi muhokama qilindi.

Ishlab chiqarishda qoʻllanilayotgan koʻpgina ehtiyot qismlar import qilinayotgani, bu tannarxning qimmatlashiga olib kelayotgani koʻrsatib oʻtildi. Muzlatgich va isitish uskunalari, kompyuter texnologiyalari, mobil aloqa vositalari, quyosh panellari va boshqa yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarishni keng yoʻlga qoʻyish orqali yurtimiz korxonalarining ichki bozordagi oʻrnini yanada mustahkamlash zarurligi taʼkidlandi.

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, "Oʻzeltexsanoat" uyushmasiga yangi mahsulotlarni oʻzlashtirish boʻyicha "yoʻl xaritasi" ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Yurtimiz mahsulotlariga ichki va tashqi bozorda barqaror talabni shakllantirish, davlat xaridlari va sanoat kooperatsiyasidan keng foydalanish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Ayniqsa, qurilish, energetika, axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, avtomobilsozlik kabi tarmoqlarda ichki kooperatsiyani kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Xorijiy bozorlarga kirib borish uchun tashqi hamkorlikni ham rivojlantirish muhim. Shu bois jahonga mashhur "brend"lar bilan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, mahsulotlarni xalqaro standartlar asosida sertifikatlash tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Ishlab chiqaruvchilarga yaratilgan sharoitlar tahlil qilinar ekan, bu borada erkin savdo zonalari muhim oʻrin tutishi qayd etildi. "Navoiy" va "Jizzax" erkin iqtisodiy zonalarida yangi loyihalarni joylashtirish, "Termiz" erkin savdo zonasini tashkil etish boʻyicha takliflar bildirildi. Tarmoqni jadal rivojlantirish, ishlab chiqaruvchilar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida zamonaviy infratuzilmaga ega elektrotexnika texnoparklari tashkil etish zarurligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda berilgan topshiriqlar yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.

OʻzA

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali