Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Hunarmandchilikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlari belgilab berildi

7596 4-Noyabr, 2017 Chop etish Yuklab olish (PDF 25 Kb)


O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 3-noyabr kuni hunarmandchilikni yanada rivojlantirish, hunarmandlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, aholi bandligini oshirish masalalariga bag'ishlangan yig'ilish o'tkazildi. 

Mamlakatimizda hunarmandlik azaldan yaxshi rivojlangan. Bolalikdan hunar o'rganish, yaratgan mahsuloti va mehnati bilan odamlarga naf keltirish xalqimizning milliy qadriyatiga aylangan. Hunar turlari asrlar davomida kengayib, yangi yo'nalishlar va maktablar bilan boyib borgan. Ma'lumotlarga ko'ra, bugungi kunda yurtimizda hunarmandlikning 34 turi mavjud. 

Mustaqillik yillarida milliy qadriyatlarimizni tiklash va rivojlantirish yo'lida yaratilgan imkoniyatlar samarasida hunarmandlik ravnaqiga keng yo'l ochildi. Respublika "Hunarmand" uyushmasi, joylarda esa uning bo'limlari tashkil etildi. Bir paytlar usta va hunarmandlar o'zlari yaratgan buyumlarni sotish, namoyish etishda turli to'siqlarga uchragan bo'lsa, bugun har bir tuman va shaharda hunarmandlar markazlari faoliyat yuritmoqda, bozorlar va savdo majmualarida maxsus savdo rastalari tashkil etilgan. 

Hunarmandlik avloddan-avlodga o'tib kelayotgan sulolalar faoliyati qo'llab-quvvatlanmoqda. Ular "ustoz-shogird" an'anasi asosida yosh avlodga o'rgatilmoqda. 

Hunarmandlik xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarish, xalqimiz farovonligini oshirish, aholi, ayniqsa, yoshlar, xotin-qizlar va kam ta'minlangan oilalar bandligini ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hunarmandchilikni yanada rivojlantirish, hunarmandlarni qo'llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratmoqda. 

Yig'ilishda xalq hunarmandligi va amaliy san'atini rivojlantirish, ular tomonidan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, shu asosda yangi ish o'rinlari yaratish masalalari muhokama qilindi. 

Hunarmandlarning istiqbolli loyihalarini moliyalashtirish, buning uchun ularga imtiyozli kreditlar ajratish, sohaga xalqaro moliya institutlari investitsiyalarini jalb etish zarurligi ta'kidlandi. O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi, "Hunarmand" uyushmasi, "Mikrokreditbank" rahbarlari va tuman hokimlarining birinchi o'rinbosarlari zimmasiga hududlarning o'ziga xos xususiyat va an'analaridan kelib chiqib, tumanlar kesimida aniq reja ishlab chiqish, har bir hunarmandga yetib borish vazifasi qo'yildi. 

Hunarmandlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish, ularga bo'sh turgan binolarni imtiyozli ravishda berish, asbob-uskuna va xomashyo materiallari bilan ta'minlash masalalariga e'tibor qaratildi. 

Hunarmandlar markazlari faoliyatini kengaytirish, ular ishlab chiqargan mahsulotlarni xaridorlarga yetkazishni osonlashtirish bo'yicha ko'rsatmalar berildi. Xususan, qo'li gul ustalarning o'z mahsulotlarini bozor va supermarketlarda sotishi uchun keng imkoniyat yaratish zarurligi, xohlasa o'z xonadonida do'kon ochishi mumkinligi ta'kidlandi. Doimiy savdo joyiga ega bo'lmagan, vaqtinchalik joylarda savdo qilayotgan hunarmandlarga savdo qilish qoidalari asosida talab etiladigan kassa apparati va savdo terminalidan foydalanish hamda tijorat banklariga savdodan tushgan naqd pulni inkassatsiya qilish talablari ixtiyoriy etib belgilanadi. 

Yig'ilishda berilgan topshiriqlarga muvofiq, har bir viloyatda maxsus ko'rgazma va yarmarkalar tashkil etilib, ularda hunarmandlar bepul ishtirok etadi. Shuningdek, ularning xorijiy davlatlarda o'tkaziladigan ko'rgazma, festival va yarmarkalarda qatnashishiga ko'maklashiladi. 

Hunarmandlarning eksport faoliyati ham rag'batlantiriladi. Ularga o'z mahsulotlarini eksport qilishdan tushgan xorijiy valyutani erkin tasarruf etish, jumladan, bank hisobraqamlaridan xorijiy valyutani naqd holda olish huquqi beriladi. 

Hunarmandlikni rivojlantirish uchun "Ustoz-shogird" an'anasi asosida bu jarayonga yoshlarni jalb etish, hunarmandlarni shogird olish va hunarga o'rgatishga rag'batlantirish, yosh hunarmandlarga faoliyatini boshlashda har tomonlama ko'maklashish zarurligi qayd etildi. 

Bu boradagi ishlar ko'lamini yanada kengaytirish, hunarmandlikka kreditlar ajratishni ko'paytirish bo'yicha topshiriqlar berildi. 

Yig'ilishda sohada xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, hunarmandlarni moliyaviy-tashkiliy qo'llab-quvvatlash, aholi bandligini oshirish va boshqa dolzarb masalalar muhokama qilindi. 

Tegishli tashkilotlar mutasaddilari zimmasidagi vazifalar belgilab berildi. 

O'zA

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali