Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Islohotlar samaralari va ezgu maqsadlarimiz ijobati

11248 30-Sentyabr, 2015 Chop etish Yuklab olish (PDF 59 Kb)


O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish maqsadida 29-sentabr kuni Namangan va Farg'ona viloyatlarida bo'ldi.

Mamlakatimizning izchil taraqqiyoti, inson manfaatlari yo'lida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar samaralari Namangan viloyatida ham o'z ifodasini topmoqda. Viloyat ahli sanoat, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, qishloq xo'jaligi, qurilish, xizmat ko'rsatish sohalarida fidokorona mehnat qilib, Vatanimizni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishga munosib hissa qo'shmoqda.

Shahar va qishloqlarimiz qiyofasi o'zgarib, aholining hayot darajasi yuksalib borayotir. Namangan shahridagi Istiqlol ko'chasida 8, Bobur ko'chasida 16 ko'p qavatli turar joy binolari, ko'plab savdo va maishiy xizmat shoxobchalari barpo etildi. Namangan xalqaro aeroporti, "Yashil" dehqon bozori rekonstruksiya qilindi. Yangi yo'llar, so'lim xiyobonlar shahar chiroyiga chiroy qo'shdi. 

Viloyatda 2015-yilning birinchi yarmida yalpi hududiy mahsulot hajmi 9,7 foiz o'sdi. Zamonaviy sanoat tarmoqlarini tashkil etish va mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish izchil davom etmoqda. 2013-2015-yillarda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida 922 loyiha amalga oshirildi.

Prezidentimiz Namangan viloyatiga safarini Mingbuloq tumanidagi "Baraka" fermer xo'jaligi bilan tanishishdan boshladi. 

Joriy yilda viloyatda 79 ming gektar maydonda g'alla ekilib, 500 ming tonnaga yaqin hosil ko'tarildi. Bugungi kunda 82 ming 600 gektar maydonda yetishtirilgan paxta yig'ib-terib olinmoqda.

Davlatimiz rahbari rahnamoligida yerlarning unumdorligini oshirish, fermerlik harakatini rivojlantirishga qaratilayotgan e'tibor samarasini "Baraka" fermer xo'jaligi misolida ham ko'rish mumkin. Fermer xo'jaligida bu yil g'allaning har gektaridan o'rtacha 65 sentnerdan hosil olindi. Paxta dalalarida ham yuqori hosil yetishtirildi. 

Islom Karimov mazkur fermer xo'jaligi dalasida fermerlar bilan suhbatlashdi.

Mamlakatimiz qishloq xo'jaligi uchun muhim mavsum bo'lgan shu kunlarda sizlar bilan diydor ko'rishish, hormang deb, barchangizga kuch-quvvat tilash menga katta mamnuniyat bag'ishlaydi, dedi Prezidentimiz. Ilgari dehqon yetishtirgan paxtasini tezroq zavodga topshirishni, qanday qilib bo'lmasin rejani bajarishni o'ylardi. Paxtaning navi, sifati, paxtakorning daromadi hech kimni qiziqtirmas edi. Bugun sifatli paxta yetishtirishdan, uni vaqtida yig'ib-terib yuqori navlarga topshirishdan avvalo fermerlarning o'zi manfaatdor. Chunki qancha sifatli paxta tayyorlasa, shuncha ko'p daromad topmoqda. 

Muloqot chog'ida mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, fermerlik rivoji uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani alohida ta'kidlandi. Davlatimiz rahbarining 2015-yil 15-maydagi "Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta'minlash, ularni jadal rivojlantirish yo'lidagi to'siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to'g'risida"gi farmoni bu borada muhim huquqiy asos bo'lib xizmat qilmoqda. 

Mamlakatimizning barcha joylarida bo'lgani kabi Namangan viloyatida ham ushbu soha jadal ravnaq topayotir. Kichik biznes subyektlarining yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 68,5 foizni tashkil etmoqda. Ular har tomonlama qo'llab-quvvatlanayotgani natijasida ishlab chiqarish va ularni eksport qilish hajmi muttasil oshib bormoqda. Joriy yilning birinchi yarmida viloyatdagi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari tomonidan 56,3 million dollar miqdoridagi mahsulotlar eksport qilindi. 17 ming 260 yangi ish o'rni yaratildi. 

Biz mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotini barpo etishda shoshma-shosharlikka yo'l qo'ymadik, marrani kim tezroq egallaydi, qabilidagi musobaqalarga qo'shilmadik, o'zgalardan nusxa olmadik. Chuqur va puxta o'ylangan, mashhur besh tamoyilga asoslangan, jahon miqyosida taraqqiyotning "o'zbek modeli" deb tan olingan dasturni bosqichma-bosqich amalga oshirdik. Buning samarasini mamlakatimiz erishayotgan ulkan yutuq va marralarda ko'rish mumkin, dedi Prezidentimiz.

Mamlakatimiz iqtisodiyoti istiqlol yillarida 5,5 karradan ziyod o'sgani, aholining real daromadlari jon boshiga 9-marta ko'paygani, global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz davom etayotganiga qaramasdan, so'nggi o'n bir yil davomida yalpi ichki mahsulotning o'sish hajmi 8 foizdan yuqori bo'lib kelayotgani alohida qayd etildi.

Faqat g'alla va paxta yetishtirish bilan yuksak farovonlikka erishib bo'lmaydi, dedi Islom Karimov. Doim izlanish, o'rganish, dunyo bilan hamqadam bo'lish, yangi marralar sari intilish zarur. Qishloqlarda odamlarga yuqori daromad keltiradigan zamonaviy sanoat korxonalarini ko'paytirish, iqtisodiyot tarmoqlarini tarkibiy o'zgartirishni izchil davom ettirish kerak.

Ilgari havas qilgan maqsadlarimizga bugun erishmoqdamiz. "Islohot islohot uchun emas, avvalo inson uchun, uning manfaatlari uchun" degan ezgu g'oya odamlarimiz hayotida o'z ifodasini topmoqda. Bu barchamizga qanot, o'z kuchimizga ishonch, ayni chog'da quvonch bag'ishlamoqda, dedi Yurtboshimiz.

Prezidentimiz Uychi tumanidagi "Obod zamin" fermer xo'jaligi dalalariga ham tashrif buyurdi.

Mazkur xo'jalik ishchilari bu yil g'alladan 75 sentnerdan xirmon ko'targan. Shu kunlarda yetishtirilgan mo'l paxta hosili yig'ib-terib olinmoqda. 

Barcha hududlarda bo'lgani kabi Namangan viloyatida ham keng ko'lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Ko'rkam uy-joylar, ta'lim va tibbiyot muassasalari, zamonaviy korxonalar, keng va ravon yo'llar shaharu qishloqlarimiz qiyofasini butunlay o'zgartirib, xalqimiz farovonligining yuksalishiga xizmat qilmoqda. 

Viloyatda o'tgan yili 260, bu yil 140 namunaviy uy-joy qurilib, foydalanishga topshirildi. Yangi massivlarda tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi tarmoqlari tortilib, ichki yo'llar qurildi. Mahalla guzarlari, savdo va maishiy xizmat ko'rsatish shoxobchalari, sport majmualari bunyod etildi.

Obodlik avval qalbda tug'iladi – ko'ngildan boshlanadi. Inson shuni maqsad qilib, astoydil harakat qilsa, albatta ro'yobga chiqadi, dedi Yurtboshimiz. Bir necha yillar oldin boshlangan namunaviy loyihalar asosida uy-joylar qurilishi bugun yaxlit industriyaga aylandi. Bu uylarda odamlar yayrab yashamoqda. Eng muhimi, bunday uylarda yashayotganlarning dunyoqarashi ham o'zgarmoqda. Bizning asosiy maqsadimiz ham xalqimizning hech kimdan kam bo'lmay yashashi, baxtli va farovon hayot kechirishini ta'minlashdir.

Bularning barchasi mamlakatimizdagi tinchlik va osoyishtalik sharofatidir. Ayniqsa, yoshlarimiz o'z oldiga aniq maqsadlar qo'yib, dadil intilayotgani, barcha sohalarda katta yutuqlarga erishayotgani xalqimiz qalbini g'ururga to'ldirayotir.

Xalqimizning fidokorona mehnati tufayli qo'lga kiritilayotgan bunday ulkan yutuqlardan har birimiz faxrlanib, boshimizni baland ko'tarib yashashga haqlimiz, dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz kunning ikkinchi yarmida Farg'ona viloyatiga tashrif buyurdi.

Farg'ona viloyati mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma'naviy hayotida muhim o'rin tutadi. 

Islom Karimov Farg'ona shahrining bosh rejasini amalga oshirish borasidagi ishlar bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbarining 2011-yil 15-noyabrdagi "Farg'ona shahrining bosh rejasini amalga oshirish, 2012-2015-yillarda ijtimoiy va transport-kommunal infratuzilmasi obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori asosida viloyat markazida keng ko'lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Zamonaviy korxonalar, ta'lim va tibbiyot muassasalari, sport majmualari va stadionlar, yo'llar, xiyobonlar bunyod etilayotir.

Qaror ijrosi bo'yicha Farg'ona shahrining qiyofasini zamonaviy shaharsozlik talablariga muvofiq tubdan yangilash, ijtimoiy infratuzilma hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini kompleks rivojlantirish va obodonlashtirish bo'yicha keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shaharda bunyodkorlik, obodonlashtirish, uy-joy kommunal, yo'l xo'jaligi va transport xizmatini, suv, elektr energiyasi, tabiiy gaz ta'minotini sifat jihatdan yaxshilash borasida salmoqli ishlar bajarildi.

Bugun mamlakatimizda zamonaviy shaharsozlik sohasida erishilayotgan ulkan yutuqlar ko'pchilikning havasini tortmoqda. Inshootlar, turar joy binolari, ijtimoiy infratuzilma obyektlari, dam olish va ziyo maskanlari qurilishida milliy me'morlik an'analari bilan zamonaviy arxitekturani uyg'unlashtirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Ular atrofi landshaft dizayni asosida ko'kalamzorlashtirilayotgani har bir hudud qiyofasiga o'zgacha chiroy bag'ishlamoqda. 

Islom Karimov Marg'ilon shahridagi "Narimteks" qo'shma korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Yurtboshimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, qulay ishbilarmonlik muhiti yaratish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar samarasida viloyatda mazkur soha jadal taraqqiy etmoqda. Bugungi kunda viloyatda 18 mingdan ortiq kichik biznes subyekti faoliyat ko'rsatib, ularning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 51,2 foizga yetdi.

Joriy yilning birinchi yarmida viloyatda xorijiy investitsiya ishtirokida 12 qo'shma korxona tashkil etildi. Bunda qo'shma korxonalarni modernizatsiya qilish borasida yaratilayotgan imtiyoz va kafolatlar ham muhim omil bo'lmoqda.

Bu jarayonda paxtani qayta ishlash va tikuvchilikka ixtisoslashgan qo'shma korxonalar erishayotgan yutuqlar diqqatga sazovordir. Bugungi kunda viloyatda "Narimteks", "Indorama Qo'qon tekstil", "Farg'ona Turon tekstil", "Beshariqtekstil" singari ilg'or texnologiyalar asosida jihozlangan ko'plab korxonalarda xalqaro andozalarga mos mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Mazkur korxonalarda tayyorlanayotgan mahsulotlarga ichki va tashqi bozorda talab ortib bormoqda. 

"Narimteks" qo'shma korxonasida 2012-2015-yillar mobaynida ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash borasida amalga oshirilgan keng ko'lamli ishlar samarasida Germaniya, Italiya, Turkiya va Xitoyda ishlab chiqarilgan eng zamonaviy bichish-to'qish, pardozlash jihozlari va tikuv mashinalari o'rnatildi. Yangi ish o'rinlari yaratildi.

Davlatimiz rahbarining 2015-yil 15-maydagi "Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta'minlash, ularni jadal rivojlantirish yo'lidagi to'siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to'g'risida"gi farmoni va mazkur farmon asosida shu yil 20-avgustda qabul qilingan qonun tadbirkorlik faoliyatini ishonchli himoya qilish va jadal rivojlantirishda muhim huquqiy asos bo'lmoqda.

Prezidentimiz ichki va jahon bozorida munosib o'rin topish uchun muntazam izlanish, yangi-yangi mahsulot turlarini o'zlashtirish zarurligini qayd etdi. Bozor konyukturasini o'rgangan holda mahsulot tayyorlash, dizayn masalalariga e'tiborni kuchaytirish, eng asosiysi, jahon bozorida o'z brendini yaratish lozim.

– Bugun xalqimizning, ayniqsa, yoshlarimizning zamonaviy kiyinishga ehtiyoji va talabi tobora oshib bormoqda, – dedi Islom Karimov. – Ularning o'sib borayotgan talabini yurtimizda ishlab chiqarilgan zamonaviy va sifatli mahsulotlar hisobidan qondirish muhim vazifadir. Buning uchun zamonaviy korxonalarni yanada ko'paytirish, iste'dodli, zamon va bozor talablarini chuqur his etadigan mohir tadbirkorlarimizni har jihatdan qo'llab-quvvatlash lozim. 

Islom Karimov korxona ishchilarining hayoti, korxonada yaratilgan sharoitlar bilan qiziqdi. 

Davlatimiz rahbarining Farg'ona viloyatiga safari davom etmoqda. 

O'zA

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali