Kar'era kuni
Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasi tizimidagi Toshkent avtomobil yo'llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi institutida "Kar'era kuni-2018" mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-fevraldagi "2018-yilda aholi bandligiga ko'maklashish davlat dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi Qarori ijrosini ta'minlash maqsadida o'tkazilgan tadbir kadrlarga buyurtma bergan ish beruvchi korxona, tashkilotlar bilan bakalavriat hamda magistratura bosqichlari bitiruvchilari o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri aloqalar o'rnatishga ko'maklashish maqsadida o'tkazildi.
Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasi tizimidagi korxona va tashkilotlar, shuningdek, O'zbekiston avtomobil transporti agentligi, "Toshshahartransxizmat" AJ, Angren logistika markazi, Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati kabi mulkchilikning turli shakllaridagi 60 dan ortiq kompaniya va firma bo'sh ish o'rinlari bilan qatnashdi.
Ta'kidlash kerakki, institutni 2017-2018-o'quv yilida 6 ta bakalavriat ta'lim yo'nalishlari bo'yicha 515 nafar talaba, 6 ta magistratura mutaxassisliklari bo'yicha 32 nafar talaba bitirishadi. Shu kunning o'zida tadbirda qatnashgan tashkilotlar bilan bitiruvchilarning 70 foizdan ortig'i bilan shartnomalar tuzildi.
Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasi
matbuot xizmati