Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Keng ko'lamli va samarali uchrashuvlar

8053 9-Iyun, 2017 Chop etish Yuklab olish (PDF 406 Kb)


O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-iyun kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun Ostona shahriga keldi. 

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Ostona xalqaro aeroportida Qozog'iston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari Asqar Mirzaxmetov va boshqa rasmiy kishilar kutib oldi. 

Sammitda ShHTga a'zo davlatlar rahbarlari tashkilotning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari, mintaqaviy va xalqaro siyosatning dolzarb muammolarini muhokama qiladi. 

Majlisda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar o'rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, ShHT faoliyatini kengaytirish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, shuningdek, terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashni kuchaytirish masalalari ko'rib chiqiladi. 

Ostona shahrida ShHTning Toshkent sammiti qarorlarini amalga oshirish bo'yicha Hindiston va Pokistonni tashkilot a'zoligiga qabul qilish jarayoni nihoyasiga yetkazilishi rejalashtirilgan. 

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ShHT sammiti doirasida o'zi uchun ajratilgan qarorgohda Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Navoz Sharif, Afg'oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G'ani bilan uchrashuvlar o'tkazdi. 

Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Navoz Sharif bilan uchrashuvda mamlakatlarimiz o'rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. 


O'zbekiston Pokistonning ShHTga a'zo davlat sifatida qabul qilinishini qo'llab-quvvatlab, tashkilotga raisligi davrida bu masalaga alohida e'tibor qaratdi. 

Mamlakatlarimiz xalqaro maydonda bir-birini qo'llab-quvvatlab kelmoqda. O'zbekiston va Pokiston o'rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo 50 ga yaqin hujjat imzolangan. Mamlakatimizda Pokiston investitsiyasi ishtirokida 55 korxona faoliyat ko'rsatmoqda. 

O'zbekiston Pokistonga paxta tolasi, qishloq xo'jaligi mahsulotlari, ko'nchilik xomashyosi, qora va rangli metallar, qurilish materiallari, transport va turizm xizmatlarini eksport qiladi. Pokiston mamlakatimizga dori vositalari, kimyo va qishloq xo'jaligi mahsulotlari yetkazib beradi, transport xizmati ko'rsatadi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O'zbekiston Pokiston bilan ko'p qirrali va o'zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish tarafdori ekanini qayd etdi. 

Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif Pokiston O'zbekiston bilan barcha sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta'kidladi. 

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Afg'oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G'anining uchrashuvida mamlakatlarimiz o'rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. 


O'zbekiston va Afg'oniston xalqlarining urf-odat va an'analari bir-biriga o'xshash. Ikki davlat o'rtasida yaqin qo'shnichilik aloqalari o'rnatilgan, turli sohalarda samarali hamkorlik qilib kelinmoqda. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O'zbekiston Afg'onistondagi vaziyatni siyosiy yo'l bilan hal etish, mamlakatda barqarorlikni ta'minlash, iqtisodiyotini rivojlantirish pozitsiyasida qat'iy ekanini ta'kidladi. 

Mamlakatimiz Afg'onistonga elektr energiyasi, meva-sabzavot, neft mahsulotlari, mineral o'g'itlar eksport qiladi. Qurilish, energetika, transport va ta'lim sohalaridagi loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etib kelmoqda. "O'zbekiston temir yo'llari" aksiyadorlik jamiyati tomonidan Hayratondan Mozori Sharifgacha temir yo'l liniyasi qurilgan. Mamlakatimiz ko'magi bilan Afg'onistonda ko'priklar, yuqori voltli elektr liniyalari, optik tolali kabel liniyalari, suv ta'minoti tarmog'i barpo etilgan. 

Prezident Ashraf G'ani Afg'onistonda barqaror hayotning tiklanishidagi O'zbekistonning katta hissasi Afg'onistonda yuksak qadrlanishini ta'kidladi va buning uchun minnatdorlik izhor etdi. 2016-yilda Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining Toshkent sammiti doirasida ikki mamlakat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvida erishilgan kelishuvlarning amalga oshishidan manfaatdor ekanini ta'kidladi. 

Uchrashuvda mamlakatlarimiz o'rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport kommunikatsiyalari, madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilindi. 

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisi munosabati bilan "Ostona opera" Davlat opera va balet teatrida namoyish etilgan konsertni tomosha qildi.

9-iyun kuni ShHTning Ostona sammiti doirasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o'zi uchun ajratilgan qarorgohda Qirg'iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyev bilan uchrashdi.  


Shavkat Mirziyoyev Qirg'iziston Prezidenti bilan bu galgi uchrashuvi ikki davlat o'rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, hamkorlik aloqalarni kengaytirishda muhim bosqich bo'lishi, Samarqanddagi uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni mazmunan boyitishini ta'kidladi. 

Almazbek Atamboyev o'zbek va qirg'iz xalqlarining azaliy qardoshlik munosabatlari, urf-odat va an'analari o'xshashligi o'zaro hamkorlikni izchil rivojlantirishda muhim omil bo'layotganini qayd etdi.    

Keyingi paytlarda ikki davlat o'rtasidagi aloqalar sezilarli darajada faollashdi. Davlat rahbarlarining telefon orqali muloqotlari, hukumatlar va hududlar darajasida delegatsiyalar almashinuvi amalga oshirilmoqda. Mamlakatlarimiz jamoatchiligi vakillarining Andijon va O'sh shaharlariga o'zaro tashrifi  bo'lib o'tdi.   

Prezidentlar siyosiy muloqotni yanada rivojlantirish va ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish masalalarini muhokama etib, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik qator muammolar yuzasidan fikr almashdilar.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ShHTning Ostona sammiti doirasida Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashdi. 


Davlatimiz rahbari Hindiston Bosh vazirini ShHT sammitida Hindistonning mazkur xalqaro tashkilotga to'laqonli a'zo sifatida qo'shilishi to'g'risida qaror qabul qilinayotgani munosabati bilan tabrikladi. 

Shavkat Mirziyoyev mazkur uchrashuv Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining 2016-yil mamlakatimizga amalga oshirgan tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar ijrosini muhokama qilish va hamkorlikning istiqbollarini belgilab olish uchun yaxshi imkoniyat ekanini ta'kidladi. 

Narendra Modi O'zbekiston Hindistonni ShHTga a'zolikka qabul qilish to'g'risidagi taklifni qat'iy qo'llab-quvvatlab kelgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Ushbu tarixiy voqea o'zaro serqirra sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish, xavfsizlikni ta'minlash, savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishini qayd etdi. 

Shavkat Mirziyoyevni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylangani bilan yana bir bor tabriklab, ikki mamlakat o'rtasidagi mustahkam ishonchga asoslangan aloqalar bundan keyin ham rivojlanib borishiga ishonch bildirdi. 

Uchrashuvda O'zbekiston bilan Hindiston o'rtasidagi munosabatlarni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. 

Ayniqsa, siyosiy muloqotga alohida e'tibor qaratilayotgani ta'kidlandi. Tomonlar bundan buyon ham oliy va yuksak darajadagi aloqalarni faol rivojlantirish, muntazam siyosiy maslahatlar o'tkazish, xalqaro tuzilmalar doirasida bir-birini qo'llab-quvvatlash amaliyotini davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.   

O'zaro savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari ko'rib chiqilar ekan, 2016-yilda ikki mamlakat o'rtasidagi savdo aylanmasi 15 foiz o'sib, 366 million AQSh dollarini tashkil qilgani ta'kidlandi. Biroq bu ko'rsatkich ikki davlat imkoniyatlarini to'liq aks ettirmaydi. O'zbekiston bilan Hindiston o'zaro savdo hajmini oshirish va tarkibini diversifikatsiya qilish uchun ulkan salohiyatga ega. 

"Navoiy" erkin iqtisodiy zonasida "Minda" kompaniyasi bilan avtomobillar butlovchi buyumlarini ishlab chiqarish, "Novafarm" va "Ultra Xels Kear" kompaniyalari bilan Surxondaryo viloyatida dori-darmonlar va Toshkent viloyatida ineksiya preparatlari ishlab chiqaradigan zamonaviy korxonalarning bunyod etilishi ikki davlat o'rtasidagi investitsiyaviy hamkorlikka misol bo'la oladi. 

Birgalikda dasturiy mahsulotlar yaratish va telekommunikatsiya uskunalari ishlab chiqarish, meva-sabzavotlar, pilla va charmni chuqur qayta ishlash, eksport uchun tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish, avtomobil ehtiyot qismlari, elektrotexnika mahsulotlari, maishiy kimyo tovarlari va o'simliklarni himoya qilish vositalari ishlab chiqarish kabi sohalarda istiqbolli loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish imkoniyatlari ham ko'rib chiqildi. 

O'zbekiston Hindistonning faramatsevtika sohasida boy tajribasini inobatga olib, ushbu yo'nalishda uzoq muddatli hamkorlikni amalga oshirishdan manfaatdor ekanini bildirdi. 

O'zA

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali