Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Koʻmirchilik tarmogʻini barqaror rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi

5358 6-Mart, 2019 Chop etish Yuklab olish (PDF 27 Kb)


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 mart kuni koʻmir qazib olish tarmogʻini barqaror rivojlantirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi. 

Koʻmirchilik yoqilgʻi-energetika taʼminotining ajralmas qismi boʻlib, iqtisodiyot tarmoqlari, aholining ijtimoiy hayoti bilan bogʻliq muhim sohalardan biridir. 

Yurtimizda har yili aholi xonadonlariga 1 million tonna, ijtimoiy soha obyektlariga 400 ming tonna koʻmir yetkazib beriladi. Yangi Angren va Angren issiqlik elektr stansiyalarida energiya ishlab chiqarish uchun 4 million tonna koʻmir yoqiladi. 

Yigʻilishda konlarning salohiyati yuqori boʻlsa-da, keyingi yillarda koʻmir qazib chiqarish rejalari bajarilmayotgani, tarmoqdagi tizimli muammolar bartaraf etilmagani koʻrsatib oʻtildi. 

Masalan, konlardagi texnika va texnologiyalar eskirgan. Asosiy xomashyo bazasi boʻlgan Angren konida yangi shaxtalar ochish ishlari ortda qolgan. Karyerlarning qiyalik burchagi belgilangan meʼyordan oshib, qazish ishlari xavfli darajaga yetgan. 

Shu kabi masalalarni tez va samarali hal etish uchun "Oʻzbekkoʻmir" aksiyadorlik jamiyatini professional tashqi boshqaruvga berish moʻljallanmoqda. 

Yigʻilishda Angren konidagi holatni yaxshilashga qaratilgan ishlarni samarali tashkil etish chora-tadbirlari belgilandi. 

Iqtisodiyot tarmoqlari va aholining yaqin va uzoq istiqbolda koʻmirga boʻladigan talabini maksimal darajada qoplash uchun Angren konini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi. 

Prezidentimiz "Oʻzbekkoʻmir" aksiyadorlik jamiyatining moliyaviy barqarorligini mustahkamlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratdi. Moliya va Energetika vazirliklariga koʻmir narxi tariflarini optimallashtirish, tarmoqning rentabelligini oshirish, investitsiya xarajatlarini qoplash boʻyicha topshiriqlar berdi. 

Kon ochish ishlarini samarali tashkil etish uchun transport vositalari parkini yangilash lozimligi qayd etildi. Mutasaddilarga zarur samosval va boshqa maxsus texnika vositalarini eng maqbul takliflar asosida xarid qilish vazifasi qoʻyildi. 

Shuningdek, bugungi kunda qazib olish ishlarida foydalanilmayotgan texnikalardan voz kechib, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish choralarini koʻrish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. 

Angren konining janubiy chegarasiga yaqin joyda yashayotgan aholi xavfsizligini taʼminlash masalalariga ham eʼtibor qaratildi. 

Vazirlar Mahkamasiga yuqorida qayd etilgan masalalar, xususan, "Oʻzbekkoʻmir" aksiyadorlik jamiyatini boshqarish samaradorligini oshirish, bu borada professional tashqi boshqaruvchini jalb etish, tarmoqqa zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish va koʻmir sifatini oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish yuzasidan topshiriqlar berildi. 

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi. 

OʻzА

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali