Litseylar soni qisqartirilib, ta'lim sifati oshiriladi
Litseylarda ta'lim sifati ular faoliyatini takomillashtirish va zamonaviylashtirish hisobiga oshiriladi.
O'zbekiston akademik litseylarida o'quv jarayoni sifati va samaradorligini tubdan oshirish, ular sonini optimizatsiya qilish rejalashtirilmoqda. Prezidentning 14 martdagi "O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori litseylar faoliyatidagi tizimli muammolarni bartaraf etishga yo'naltirilgan.
Ayni paytda mamlakatda 1500 dan ziyodroq o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari, jumladan 1411 ta kasb-hunar kolleji va oliy ta'lim muassasalari qoshida 144 ta akademik litsey faoliyat olib bormoqda. Akademik litseylarda aniq, tabiiy, ijtimoiy-gumanitar fanlar, xorijiy tillar hamda madaniyat va san'at yo'nalishlari bo'yicha, yangi pedagogik va informatsion texnologiyalar asosida zamonaviy o'quv-laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlangan kabinetlarda yosh avlodga puxta bilim berilmoqda. Ushbu maskanlarni har yili o'rtacha 35 ming nafar yigit-qiz bitirib chiqmoqda.
Qarorga berilgan rasmiy sharhda keltirilishicha, akademik litseylarning faoliyatini ular joylashgan hududning demografik, iqtisodiy va boshqa omillarini hamda bitiruvchilarning oliy ta'lim muassasalariga o'qishga kirish natijalari nuqtai nazaridan olib borilgan tahlillar bu sohadagi ishlarning qoniqarli emasligini ko'rsatmoqda.
Hozirgi paytga kelib akademik litseylar sonini optimallashtirish, ulardagi ta'lim sifatini oshirish va mazmunini yangilash, ularni bitirib chiqayotgan yoshlarning oliy ta'lim muassasalariga o'qishga kirish ko'rsatkichlarini tubdan yaxshilash bo'yicha qator chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurati paydo bo'lmoqda.
Qarorga muvofiq, moddiy-texnik va o'quv-metodik bazasi zamonaviy talablarga javob bermaydigan 4 ta akademik litsey faoliyati tugatiladi hamda oliy ta'lim muassasalaridan uzoqda joylashgan, ta'lim sifati va bitiruvchilarining institut va universitetlarga o'qishga kirish ko'rsatkichlari past bo'lgan 54 ta akademik litsey bosqichma-bosqich kasb-hunar kollejlariga aylantiriladi.
Kasb-hunar kollejlariga aylantirilayotgan akademik litseylarning 2- va 3-bosqich o'quvchilari o'qishni tugatgach, yaqin hududda joylashgan, ta'lim yo'nalishi o'xshash bo'lgan akademik litseylarda yakuniy davlat attestatsiyasini topshiradi va davlat namunasidagi akademik litsey bitiruvchisi diplomini oladi.
OTMlarning yuqori malakali professor-o'qituvchilarini akademik litseylarda dars berishga kengroq jalb qilish maqsadida akademik litseylardagi o'qituvchilik faoliyatiga soatbay haq to'lash miqdori oliy ta'lim muassasalarida mehnatga soatbay haq to'lash miqdoriga tenglashtiriladi.
Akademik litseylarda ta'lim sifatini oshirish, ta'lim jarayoniga ilg'or pedagogik usullar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, elektron ta'lim resurslari va multimedia taqdimotlarini keng tatbiq qilish va buning uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida o'quv guruhlari tarkibi 26 nafar o'quvchidan ortiq bo'lmagan tarzda shakllantiriladi, chuqurlashtirib o'qitiladigan fanlar (ta'lim yo'nalishlari) bo'yicha amaliy, laboratoriya va seminar mashg'ulotlari guruhlarga bo'lingan tarzda, ya'ni ikkita kichik guruhda o'tkazilishi yo'lga qo'yiladi.
Pedagoglar tarkibi oliy ma'lumotli va kamida 5 yillik uzluksiz pedagogik ish stajiga ega bo'lgan malakali o'qituvchilar orasidan tanlov asosida shakllantiriladi.
Yana bir muhim yangilik shundan iboratki, akademik litseylar direktorligi uchun nomzodlar akademik litseylar biriktirilgan oliy ta'lim muassasalari rektorlari tomonidan tavsiya etilishi belgilanmoqda.
2017/2018 o'quv yilidan boshlab akademik litseylar o'quvchilarini umumta'lim fanlari bo'yicha darsliklar bilan ta'minlash O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari respublika maqsadli kitob jamg'armasining mablag'lari hisobidan ijara tizimi asosida amalga oshiriladi. Kam ta'minlangan oilalar farzandlari umumta'lim fanlari bo'yicha darsliklar bilan byudjet mablag'lari hisobidan bepul ta'minlanadi.
Akademik litseylar bitiruvchilariga aniq mutaxassisliklar bo'yicha bilim va ko'nikmalar berish ko'zda tutilgan bo'lib, ta'lim jarayoni yakuniga yetganidan so'ng ularga davlat namunasidagi sertifikat beriladi.
Hujjatda ta'lim jarayoni sifatini oshirish va akademik litseylar bitiruvchilarining oliy ta'lim muassasalarida o'qishni davom ettirishi uchun alohida chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
Har bir akademik litseyda o'quvchilarning individual qobiliyatidan kelib chiqib, ilg'or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, elektron ta'lim resurslari, o'quvchilarning ijodiy va mustaqil izlanishlariga yo'naltirilgan dasturlarni ishlab chiqish belgilangan.
Oliy ta'lim muassasalarining tajribali professor-o'qituvchilarini akademik litseylarning pedagog kadrlariga patronaj sifatida biriktirish rejalashtirilgan. Akademik litsey o'quvchilarining biriktirilgan oliy ta'lim muassasalari axborot-resurs markazlari va boshqa moddiy-texnik bazasidan foydalanish imkoniyatini kengaytiriladi.