Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Mamlakatimiz qurilish sohasi xodimlariga

9930 13-Avgust, 2018 Chop etish Yuklab olish (PDF 23 Kb)


Muhtaram do'stlar! 

Hurmatli quruvchilar! 

Siz, azizlarni – mamlakatimizning qurilish sohasini ravnaq toptirishga munosib hissa qo'shib kelayotgan barcha yurtdoshlarimizni bugungi kasb bayramingiz – Qurilish sohasi xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman. 

Mana shu qutlug' ayyomda sizlarga o'z nomimdan, xalqimiz nomidan ezgu tilaklar va chuqur minnatdorlik bildiraman. 

Biz sizlarning timsolingizda o'z mehnati bilan shahar va qishloqlarimizda, butun yurtimizda yangi ishlab chiqarish korxonalari, muhim ijtimoiy ob'ektlar, muhtasham uy-joylar, yo'l va ko'priklar barpo etib, hayotimizni yanada obod, go'zal va tarovatli etish yo'lida fidokorona mehnat qilib kelayotgan olijanob kasb egalarini ko'ramiz. 

Shuni alohida ta'kidlash lozimki, hozirgi kunda, butun mamlakatimiz kabi, qurilish sohasi ham o'z taraqqiyotining yangi bosqichiga ko'tarilmoqda. 

Iqtisodiyotimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlar, ijtimoiy hayotimizdagi ulkan o'zgarishlar, jumladan, "Obod qishloq", "Obod mahalla" dasturlari doirasida belgilab olgan vazifalarimiz soha rivojini mutlaqo yangicha tarzda, zamonaviy ilm-fan va innovatsiya yutuqlari asosida tashkil etishni talab etmoqda. 

Bunyodkorlik yo'nalishidagi ishlarimizning miqyosi va ko'lamini birgina "Obod qishloq" davlat dasturi doirasida mamlakatimizdagi 159 ta tumanda 416 ta qishloqni obodonlashtirish bo'yicha ishlab chiqilgan bosh rejalar asosida qisqa muddatda 320 ta maktab, 231 ta maktabgacha ta'lim, 148 ta sog'liqni saqlash muassasasi va 77 ta mahalla fuqarolar yig'ini binolari, ko'plab ko'cha va maydonlar, jamoat maskanlarida katta qurilish ishlari olib borilayotganida ko'rish mumkin. 

Bu borada davlat – xususiy sheriklik munosabatlari, qurilish tashkilotlari va aholi hamkorligi kabi yangicha faoliyat shakllari samarali qo'llanayotganini alohida ta'kidlash lozim. 

"Obod mahalla" dasturi bo'yicha 2018-yilda mamlakatimizning 148 ta mahallasida ta'mirlash, ichimlik suvi, elektr, tabiiy gaz tarmoqlari, ichki yo'llar, ijtimoiy soha va bozor infratuzilmasi ob'ektlarida qurilish-ta'mirlash ishlari boshlanib, o'zining dastlabki natijalarini berayotgani barchamizni albatta quvontiradi. 

Butun yurtimizni qamrab olgan ana shunday salmoqli ishlarda, shuningdek, bu yil namunaviy loyihalar asosida quriladigan 3,5 million kvadrat metrdan iborat 28 435 ta arzon uy-joylarni barpo etishda biz, avvalo, sizlarning professional malakangiz, bilim va tajribangiz, yuksak mahoratingizga tayanamiz. 

Xalqimizning hayot sifati va darajasini oshirishga bevosita xizmat qiladigan bunday ezgu ishlar haqida gapirganda, aholi punktlarini qurishda kompleks yondashuv asosida uy-joy, turli bino va inshootlar bilan birga hududlarda ijtimoiy infratuzilma ob'ektlari, savdo va xizmat ko'rsatish shoxobchalari, ta'lim, tibbiyot va madaniyat muassasalari, yangi istirohat bog'lari va xiyobonlar, favvoralar, bolalar maydonchalari va sport maskanlari bunyod etilayotganini mamnuniyat bilan ta'kidlash lozim. 

2018-yilgi Investitsiya dasturi bo'yicha 1 114 ta ijtimoiy soha ob'ektlarida keng ko'lamli qurilish, rekonstruktsiya va kapital ta'mirlash ishlari olib borilmoqda. 

Bugungi kunda "sahrodagi mo''jiza" deb e'tirof etilayotgan Qandim gazni qayta ishlash kompleksi, yurtimizdagi yangi-yangi erkin iqtisodiy zonalar, sanoat hududlaridagi yirik ob'ektlar qurilishi, turli kommunikatsiya tarmoqlari – bularning barchasi sizlarning mashaqqatli va sharafli mehnatingiz natijasi ekanini xalqimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi. 

Hozirgi vaqtda mamlakatimizda qurilish materiallari sanoati jadal rivojlanib borayotgani ham soha taraqqiyotida muhim rol o'ynamoqda. Birgina uy-joy binokorligida foydalanilayotgan sifatli qurilish materiallarining 95 foizi mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilayotgani buni yaqqol tasdiqlaydi. Eng muhimi, bunday o'zgarishlar qad ko'tarayotgan imoratlarning mustahkamligini va narxi nisbatan arzonligini ta'minlashga, yangi ish o'rinlari yaratishga xizmat qilmoqda. 

Ayni paytda zamon, islohotlarimizning o'zi barcha jabhalar qatori ushbu sohada ham yangi, yanada dolzarb vazifalarni oldimizga qo'ymoqda. 

Xususan, aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash, qishloqlarni tuman markazlari bilan bog'laydigan zamonaviy yo'llar qurish, namunaviy loyihalar asosida yangi bog'chalar, maktablar, oilaviy poliklinikalar barpo etish, bozor infratuzilmasi ob'ektlari va servis shoxobchalarini ko'paytirish, aholi va pudrat tashkilotlar, tadbirkorlik sub'ektlarini qurilish materiallari bilan markazlashgan holda ta'minlash tizimini yo'lga qo'yish, qurilish bozorini yangi innovatsion xizmatlar bilan to'ldirib borish, soha uchun yuqori malakali qadrlar tayyorlash kabi masalalar biz uchun g'oyat dolzarbdir. 

Ishonaman, qo'li gul, azmu shijoatli O'zbekiston quruvchilari bor bilim va tajribasi, kuch va imkoniyatlarini safarbar etib, bunday ulug'vor vazifalarni albatta sharaf bilan ado etadilar. 

Aziz va muhtaram qurilish sohasi xodimlari! 

Sizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt va xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman. 

Yurtimiz obodligi, xalqimiz farovonligi yo'lida olib borayotgan xayrli ishlaringizda doimo yutuq va muvaffaqiyatlar yor bo'lsin! 

Shavkat MIRZIYoYeV,   

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti

O'zA

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali