Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Muzaffar paralimpiyachilarimiz tantanali kutib olindi

11168 22-Sentyabr, 2016 Chop etish Yuklab olish (PDF 147 Kb)


O'zbekiston sportchilari Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o'tgan XV Paralimpiya o'yinlarida 8 oltin, 6 kumush va 17 bronza medalni qo'lga kiritdi.

Toshkent xalqaro aeroportida 21-sentabr kuni ushbu nufuzli musobaqa g'oliblari, sovrindorlari va ishtirokchilarini tantanali kutib olish marosimi bo'ldi. Shu munosabat bilan bu yerga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sportchilar, paralimpiyachilarimizning ota-onalari, jurnalistlar yig'ildi. 

Joriy yilgi sport mavsumida O'zbekiston farzandlari dunyoning nufuzli musobaqalari – XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o'yinlarida butun jahonga mamlakatimizning ulkan salohiyatini namoyon qildi. Ajdodlari buyuk millatning avlodlari ham buyuk ishlarga qodirligini, yurtimiz yoshlarining mardlik va jasoratda, shijoat va matonatda, iqtidoru iste'dodda hech kimdan kam emasligini, aksincha, manaman degan davlat yoshlaridan ustun ekanini isbotladi.

Sportchilarimizning XXXI yozgi Olimpiya o'yinlarida xalqqa ulashgan, elning qaddini, g'urur-iftixorini tog'dek ko'targan muzaffar onlarining hovuri bosilmay turib, yana g'alaba nashidasi, baxtiyor lahzalar shukuhi qalblarimizni chulg'ab oldi. 

Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o'tgan XV Paralimpiya o'yinlarida sportchilarimiz erishgan natijalar ana shunday tuyg'ularni baxsh etdi. Dunyo miqyosidagi nufuzli sport anjumanida bir yuz oltmishdan ziyod davlatdan to'rt mingdan ortiq sportchi g'oliblik uchun bahslashdi. 

O'zbekiston paralimpiyachilari ushbu nufuzli musobaqaga puxta tayyorgarlik ko'rdi. O'zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2013-yil 25-fevraldagi "O'zbekiston sportchilarini 2016-yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo'lib o'tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o'yinlariga tayyorlash to'g'risida"gi qarori asosida paralimpiyachilarimiz zamonaviy me'yorlar asosida o'quv-mashg'ulot yig'inlarini o'tkazishi, tajriba va mahoratini oshirishi, Paralimpiya o'yinlariga yo'llanma beradigan nufuzli musobaqalarga tayyorlanishi va ularda munosib qatnashishi uchun barcha shart-sharoit yaratildi. 

XV Paralimpiya o'yinlarida O'zbekistonning 32 sportchisi dzyudo, suzish, yengil atletika, o'q otish va pauerlifting turlari bo'yicha o'tkazilgan musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, 8 oltin, 6 kumush va 17 bronza, jami 31 medalga sazovor bo'ldi. Bu ko'rsatkich bilan O'zbekiston sport delegatsiyasi 160 dan ortiq davlat orasida o'n oltinchi, MDH davlatlari o'rtasida ikkinchi, Osiyo mamlakatlari ichida uchinchi, Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasida birinchi o'rinni egalladi. 


Tantanali marosimda so'zga chiqqan O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari A.Ikromov,O'zbekiston xalq artisti M.Azizov, ota-onalar nomidan R.Qo'chqorova paralimpiyachilarimizning bu yuksak g'alabasi xalqimizga cheksiz g'urur-iftixor bag'ishlaganini, O'zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning mamlakatimizda mustaqillik yillarida sportni rivojlantirishga, bu jarayonda jismoniy imkoniyati cheklangan sportchilarni har tomonlama qo'llab-quvvatlashga qaratgan e'tibor va g'amxo'rlikning ulkan samarasini butun dunyoga namoyon qilganini alohida ta'kidladi.

G'olib va sovrindor sportchilarimiz nomidan so'zga chiqqan Sh.Namozov, H.Olimova, M.Tursunxo'jayev xalqimizning ishonchi, davlatimizning yoshlarga qaratayotgan yuksak e'tibor va g'amxo'rligi uchun minnatdorlik bildirdi. Kelgusida bundan-da yuksak g'alabalarni qo'lga kiritishga va'da berdi. 

Paralimpiya o'yinlari g'olib va sovrindorlari, ishtirokchilari, ularning ota-onalari va yaqinlari usti ochiq avtobusga o'tirib yo'lga chiqdi. Toshkent xalqaro aeroportidan O'zbekiston Paralimpiya assotsiatsiyasi binosiga qadar muzaffar sportchilarimizni kutib olish uchun yig'ilganlar ularni qutladi: "Barakalla, qudratli yurtning munosib farzandlari! G'alabangiz muborak bo'lsin!".

O'zА


Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali