Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Oqsaroyda qabul

8586 23-Sentyabr, 2015 Chop etish Yuklab olish (PDF 116 Kb)


O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 22-sentabr kuni Oqsaroyda Koreya Respublikasi Eksport-import banki (Eksimbank) prezidenti Li Duk Xunni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, mamlakatlarimiz o'rtasidagi hamkorlik har tomonlama va izchil rivojlanib borayotganini ta'kidladi. 

Islom Karimov O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovidan keyin ilk davlat tashrifi bilan joriy yilning may oyida Koreya Respublikasiga bordi. Ushbu tashrif o'zaro manfaatli serqirra hamkorlikning miqyosi va istiqbollarini yangi bosqichga ko'tarishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Muzokaralar chog'ida O'zbekiston bilan Koreya Respublikasi Eksimbanki o'rtasidagi investitsiyaviy sheriklikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. 

Tomonlar tashrif doirasida "Asaka" aksiyadorlik tijorat banki bilan Eksimbank o'rtasida 160 million AQSh dollari miqdorida kredit taqdim etish bo'yicha banklararo bitim imzolanishini yuqori baholadi. 

Mamlakatimizda strategik loyihalarni hayotga tatbiq qilishda ishtirok etayotgan Koreya Respublikasi Eksimbanki O'zbekiston Respublikasining Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi asosiy sheriklaridan biridir. 1999-yildan buyon O'zbekistonda mazkur bank mablag'lari hisobidan 935 million AQSh dollari miqdoridagi loyihalar amalga oshirildi. 2012-yildan buyon umumiy qiymati qariyb 1,2 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda, yana 900 million dollar miqdoridagi loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Eksimbank Surg'il koni negizida bunyod etilayotgan Ustyurt gaz-kimyo majmuasining asosiy kreditorlaridan biri ekanini alohida ta'kidlash joiz. Bank bu yirik loyihaga bir milliard AQSh dollari miqdorida kredit ajratgan. 

Li Duk Xun samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik izhor etib, Eksimbank Janubiy Koreya ishbilarmon doiralari qatorida O'zbekiston bilan o'zaro foydali va uzoq muddatli hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta'kidladi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati 


Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali