Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

"O'zavtoyo'l" AK faoliyatining 2015 yil sarhisobi va istiqboldagi rejalar

11469 25-Mart, 2016 Chop etish Yuklab olish (PDF 378 Kb)



"Yo'l-transport infratuzilmasini

taraqqiy ettirish sanoatni jadal

rivojlantirish va uning salohiyatini

oshirishga xizmat qiladi"

I.A.Karimov 

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov tomonidan 2015 yilning 16 yanvarida Vazirlar Mahkamasining yil yakunlariga bag'ishlab o'tkazilgan yig'ilishida belgilab berilgan – O'zbekistonning iqtisodiy rivojlanish dasturidagi ustuvor yo'nalishlardan kelib chiqqan holda, 2015 yilda "O'zavtoyo'l" aktsiyadorlik kompaniyasi tomonidan bir qancha ijobiy ishlar amalga oshirildi.

Bajarilgan ishlar samarasi o'laroq, mamlakatimizda yo'l-transport infratuzilmasi kundan-kun taraqqiy etib bormoqda. Bunda, Prezidentimizning" 2015-2019 yillarda muhandislik-kommunikatsiya va yo'l-transport infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish dasturi to'g'risida"gi PQ-2313-sonli qarori dasturulamal bo'lib xizmat qildi. Ushbu qarorni so'zsiz bajarish maqsadida 2015 yil Investitsiya dasturi asosida avtomobil yo'llarini qurish va rekonstruktsiya qilish chora-tadbirlarining manzilli ro'yxati tasdiqlandi.  

Rejaga ko'ra, "O'zavtoyo'l" kompaniyasi tizimidagi korxonalar tomonidan qurilishi belgilangan jami 143,4 km uzunlikdagi umumiy foydalanuvdagi avtomobil yo'llarini rekonstruktsiya qilish uchun pudratchi korxonalar va Respublika yo'l jamg'armasi o'rtasida 35 ta ob'ekt bo'yicha 580,1 mlrd. so'mlik pudrat shartnomalari imzolandi. Ushbu shartnomalar bo'yicha jami 591,1 mlrd. so'm miqdoridagi rekonstruktsiya ishlari bajarilib, 149,7 km uzunlikdagi avtomobil yo'llari to'liq rekonstruktsiya qilindi. Mazkur ko'rsatkich tuzilgan shartnomaviy majburiyatga nisbatan 102 % ni, 2014 yilga nisbatan 136 % ni tashkil etdi.

O'z navbatida, yo'l korxonalari tomonidan o'tgan yil davomida 168,6 mlrd. so'mlik kapital ta'mirlash ishlari bajarildi hamda 68 km uzunlikdagi yo'l kapital ta'mirlandi va belgilangan reja 102,2% ga bajarilishiga erishildi.

Shuningdek, 2015 yil davomida 670 km uzunlikdagi yo'lda 112 mlrd. so'mlik tashqi pudrat ishlari bajarilib, shundan 310 km uzunlikdagi ichki xo'jaliklararo qishloq avtomobil yo'llari va 240 km shahar ko'chalarida ta'mirlash ishlari olib borildi, 120 km uzunlikdagi namunali uy-joy massivlariga olib boruvchi yo'llar qurildi.

Bundan tashqari, 2015 yilda 42676 km uzunlikdagi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo'llarini saqlash va joriy ta'mirlash ishlari uchun ajratilgan 528,5 mlrd. so'mlik mablag'lar to'liq o'zlashtirildi va bu orqali 6500 km dan ortiq umumiy foydalanuvdagi avtomobil yo'llari holati yaxshilanishiga erishildi.

Sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish borasida ham 2015 yilda bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Kompaniya tizimidagi yirik sanoat va yordamchi ishlab-chiqarish xo'jalik korxonalari tomonidan 2015 yil davomida 243 mlrd. so'mlik, 2014 yilga nisbatan qiyosiy narxlarda 103,7% ga ortiq sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. Jumladan, 2015 yil davomida 2 mln. tn asfaltbeton qorishmasi, 95,4 ming m3 temir beton mahsulotlari, 2,2 mln. m3 dan ko'proq yo'lbop inert materiallar ishlab chiqarildi.

Aholi bandligini ta'minlash maqsadida olib borilgan tizimli islohotlar natijasiga ko'ra, 2015 yil davomida kompaniya korxona va tashkilotlari tomonidan jami 293 ta yangi ish o'rinlari yaratilishi ta'minlandi va belgilangan prognoz ko'rsatkichi (180 ta) 162,8 % ga bajarilishiga erishildi.

Kompaniya tizimidagi korxonalarning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish doirasida 2015 yil davomida 400 tadan ortiq yangi zamonaviy texnika tizim korxonalariga yetkazib berildi. Jumladan, ushbu texnikalarning 362 donasi Respublika yo'l jamg'armasi mablag'lari hisobidan, 48 donasi korxonalarning o'z mablag'lari, lizing va kredit mablag'lari hisobidan xarid qilindi.

O'z navbatida, yangi texnologiyalarni joriy etish jarayonida eng avvalo kadrlar malakasini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shundan kelib chiqqan holda, jahon amaliyotini o'rganish va mutaxassislarimizning bilimini oshirishga alohida e'tibor qaratilib, ularning Xitoy Xalq Respublikasi, Ispaniya, Gollandiya, Belgiya, Italiya, Germaniya, Angliya davlatlariga yuborilib, avtomobil yo'llarini qurish va ta'mirlash sohasidagi ilg'or ish uslublarini o'rganib kelishgani ayniqsa quvonarli.

2015 yil yakunlarini sarhisob qiladigan bo'lsak, kompaniyada amalga oshirilayotgan ishlar samarasi o'laroq, salmoqli yutuq va natijalarga erishilganligini e'tirof etish barobarida, istiqbolda keng ko'lamli islohotlarni amalga oshirishimiz zarurligi ham e'tiborga molikdir.

Joriy yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlarga to'xtaladigan bo'lsak, 2016 yil Investitsiya dasturiga muvofiq respublikamiz bo'yicha jami 1379,9 mlrd. so'mlik mablag'lar o'zlashtirilishi kutilmoqda. Jumladan:

- avtomobil yo'llarini qurish va rekonstruktsiya qilish ishlariga– 899,9 mlrd.so'm (512,9 km);

- shahar ko'chalari va xo'jaliklarga kirish avtomobil yo'llarini qurish va rekonstruktsiya qilish ishlariga – 340 mlrd. so'm;

- ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish ishlariga– 40 mlrd.so'm.

Umuman, 2016 yilning Investitsiya dasturida jami 61 ta ob'ekt kiritilgan bo'lib, shundan yangidan boshlanuvchi ob'ektlar soni 24 ta ni, o'tuvchi ob'ektlar soni 37 ta ni tashkil etadi.

Qilingan hisob-kitoblarga muvofiq 2016 yil davomida rejadagi rekonstruktsiya ishlarini bajarish bo'yicha tegishli tadbirlar belgilab olindi. Jumladan:

2016 yilning Investitsiya dasturi doirasida "O'zavtoyo'l" kompaniyasi korxonalari tomonidan 173,6 km uzunlikdagi avtomobil yo'llari qurilishi rejalashtirilgan. Shundan joriy yilning I choragida 10 km uzunlikdagi yo'lning qurilish ishlari yakunlanishi kutilmoqda.

Shuningdek, 2016 yilda kompaniya korxonalari tomonidan 98 km uzunlikdagi umumiy foydalanuvdagi avtomobil yo'llari kapital ta'mirlanishi rejalashtirilgan. Joriy yilning I choragida 14 km uzunlikdagi yo'llarda kapital ta'mirlash ishlari yakunlanadi.

Kompaniyaning asosiy faoliyat turlaridan biri bo'lgan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo'llarini saqlash, ta'mirlash ishlari uchun 2016 yil davomida 853,6 mlrd. so'mlik mablag'lar o'zlashtirilishi kutilmoqda. Joriy yilning I choragida esa saqlash va joriy ta'mirlash ishlari uchun 169,8 mlrd. so'mlik mablag'lar yo'naltirilishi kutilmoqda.

Yo'lsozlik sohasidagi barqaror iqtisodiy o'sish an'anasi barobarida aholini ish bilan ta'minlash va ularni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash borasidagi ezgu ishlarni davom ettirish maqsadida, joriy yilda 180 ta yangi ish o'rinlarini yaratish prognozlashtirilgan. Joriy yilning I choragida 20 ta yangi ish o'rinlari yaratilishi kutilmoqda. Albatta, joriy yilda ham yangi ish o'rinlarini yaratish bo'yicha belgilangan rejani ortig'i bilan bajarish maqsad qilingan. Bu yurtimiz aholisining bandlik darajasi ko'tarilishi uchun ob'ektiv shart-sharoitlar yaratilayotganining yorqin misoli bo'la oladi.

"O'zavtoyo'l" kompaniyasi tomonidan avtomobil yo'llari ravonligi, harakat xavfsizligi va uzluksizligini ta'minlash maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlarning nechog'lik ahamiyatli ekanligi hech birimiz uchun sir emas. Shuni inobatga olgan holda, kompaniyaning joriy yilda o'z oldiga qo'ygan reja va maqsadlari xalqimiz turmush farovonligining yanada yaxshilanishiga xizmat qilishiga ishonchimiz komildir.

"O'zavtoyo'l" AK matbuot xizmati

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali