Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Partiyalar Prezidentlikka nomzod ko'rsatishmoqda

10970 20-Sentyabr, 2016 Chop etish Yuklab olish (PDF 25 Kb)


2016 yil 16 sentabr kuni Toshkent shahrida O'zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi Markaziy Kengashining navbatdagi Plenumi bo'lib o'tdi.

Plenumda 2016 yil 4 dekabr kuni bo'lib o'tadigan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida O'zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasining ishtiroki, Prezidentlikka partiyadan nomzod ko'rsatish hamda partiyaning navbatdagi S'ezdini chaqirishga oid masalalar muhokama qilindi. 

O'zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasining ustavida partiyaning O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo'lib o'tadigan saylovlarda ishtirok etishi belgilangan. Shundan kelib chiqqan holda Plenumda partiyaning O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishi to'g'risida qaror qabul qilindi. 

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga O'zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasidan nomzod ko'rsatish taklifi ko'rib chiqildi. Yig'ilish ishtirokchilari O'zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga O'zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi, partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraktsiyasi rahbari Sarvar Sa'dullaevich Otamuratov nomzodini qo'llab-quvvatladi. 

Saylov qonunchiligiga asosan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga partiya tomonidan nomzod ko'rsatish partiyaning oliy organi – S'ezdi tomonidan amalga oshiriladi. Shundan kelib chiqib, Plenumda joriy yil 15 oktyabr kuni partiyaning navbatdagi V S'ezdini chaqirish va bu masalani S'ezd muhokamasiga qo'yishga kelishib olindi. 

* * *

Shu yil 16 sentabr kuni Toshkent shahrida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining Plenumi bo'lib o'tdi. 

Majlisda 2016 yilning 4 dekabr kuni bo'lib o'tadigan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida O'zLiDePning ishtiroki bilan bog'liq masalalar muhokama qilindi. Mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim ahamiyatga ega bo'lgan ushbu jarayonda partiyaning faol ishtirok etishi alohida ta'kidlandi. 

Majlis ishtirokchilari mazkur saylovda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasining nomzodi haqidagi masalani ham atroflicha muhokama qildilar. Joylardagi saylovchilar va elektorat xohish-irodasidan kelib chiqib, partiyaning navbatdagi VIII S'ezdida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga O'zLiDeP Siyosiy Kengashi a'zosi Shavkat Miromonovich Mirziyoev nomzodini ko'rsatish taklifi yakdillik bilan qo'llab-quvvatlandi. 

"O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to'g'risida"gi qonunning 24²-moddasiga asosan O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ko'rsatish siyosiy partiyalarning yuqori organlari tomonidan amalga oshirilishini inobatga olib, majlis qatnashchilari tomonidan partiyaning navbatdagi S'ezdini 2016 yil 14 oktyabrda o'tkazishga kelishib olindi. 

* * *

2016 yil 17 sentabr kuni O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining navbatdagi VI Plenumi bo'lib o'tdi. 

Plenum ishtirokchilari O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida partiyaning munosib ishtirokini ta'minlash borasidagi vazifalar, O'zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo'lajak nomzod ko'rsatish, O'zbekiston XDPning X Qurultoyini chaqirish va uning kun tartibi, partiya qurultoyiga vakillik me'yori va ularni saylash tartibi to'g'risidagi masalalarni muhokama qildi. 

Kun tartibidagi asosiy masala – O'zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko'rsatish masalasi ham alohida muhokama qilindi. 

Bu borada partiya elektorati, tarafdor va faollari tomonidan tavsiya etilgan O'zXDP Markaziy Kengashi raisi, partiya fraktsiyasi rahbari Xotamjon Abdurahmonovich Ketmonov partiyadan O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga partiyaning Qurultoyida ko'rib chiqish uchun nomzod sifatida ko'rsatildi. 

Shuningdek, Plenumda O'zbekiston XDPning X Qurultoyini joriy yilning 14 oktyabr kuni chaqirish va uning kun tartibi hamda partiya Qurultoyiga vakillik me'yori va ularni saylash tartibi kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi. 

* * *

2016 yil 17 sentabr kuni O'zbekiston "Adolat" Sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining VI Plenumi bo'lib o'tdi. 

Majlisda O'zbekiston "Adolat" SDPning joriy yilning 4 dekabr kuni bo'lib o'tadigan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovidagi ishtiroki to'g'risidagi masala muhokama etildi. Mamlakatimiz hayotida muhim ahamiyatga ega bo'lgan ushbu jarayonda partiyaning munosib ishtirok etishi zarurligi alohida ta'kidlandi. 

Muhokamalar davomida O'zbekiston "Adolat" SDPning O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishi maqsadga muvofiq, deb topildi. Mazkur masalada, partiya elektorati va tarafdorlarining xohish-irodasidan kelib chiqib, Siyosiy Kengash raisi, partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraktsiyasi rahbari Narimon Madjitovich Umarov nomzodini partiyaning navbatdagi VIII Qurultoyida ko'rsatish taklifi qo'llab quvvatlandi. 

Partiyaning ushbu saylovda ishtiroki bilan bog'liq masalalar uning oliy organi – Qurultoyida hal qilinishidan kelib chiqqan holda majlis qatnashchilari O'zbekiston "Adolat" SDPning navbatdagi VIII Qurultoyini 2016 yilning 15 oktyabr kuni Toshkent shahrida chaqirilishini belgilab oldi. 

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali