Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Prezident Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi

7825 15-Mart, 2019 Chop etish Yuklab olish (PDF 26 Kb)


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 mart kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini koʻzdan kechirdi. 

Davlatimiz rahbari dastlab Tashkent City xalqaro biznes markaziga tashrif buyurib, kongress-xoll va besh yulduzli mehmonxona qurilishi bilan tanishdi. Mazkur inshootlar qurilishi oʻtgan yil mart oyida boshlangan boʻlib, bugungi kunda muhtasham kongress-xoll va 21 qavatli mehmonxonaning beton-karkas ishlari nihoyasiga yetgan. Hozirda metall konstruksiyalar va kommunikatsiyalarni montaj qilish, tomni yopish, tashqi pardozlash ishlari olib borilmoqda. 

Prezidentimizga kongress-xollning fasadi, xonalari va yoʻlaklarining koʻrinishiga doir loyihalar namoyish etildi. 

Tashkent City biznes-markazlar, mehmonxonalar, ofislar, koʻp qavatli uylar, restoranlar va boshqa obyektlarni oʻz ichiga olgan zamonaviy kompleks boʻladi. Bu yerda oliy darajadagi tadbirlar, yirik xalqaro anjumanlar oʻtkaziladi. 

Shavkat Mirziyoyev kongress-xollning asosiy zali, har bir xonasini koʻzdan kechirib, ularning qanday bezatilishi va jihozlanishi, mehmonlar uchun qanday sharoitlar yaratilishi bilan qiziqdi. Xalqaro sammitlar chogʻida koʻplab delegatsiyalar qatnashishini inobatga olib, yuqori martabali mehmonlar va ishtirokchilarning harakatlanishi, ikki va koʻp tomonlama uchrashuvlar oʻtkazishi, dam olishi uchun keng qulayliklar yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Kongress-xollning birinchi qavati zamonaviy dizaynda, ikkinchi qavati esa klassik uslubda boʻlishi zarurligini taʼkidladi. Yoʻlaklarni yurtimiz rassomlarining eng sara asarlari bilan bezatishni taklif qildi. 

Kongress-xoll yonida qurilayotgan mehmonxonaga oid loyihalar ham namoyish etildi. 

Shu bilan birga, Prezident Tashkent City yaqinida qad rostlagan "Humo Arena" muz saroyida olib borilayotgan soʻnggi pardozlash ishlarini koʻzdan kechirdi. 

Davlatimiz rahbari 2017 yil 3 fevral kuni ushbu majmua loyihasini maʼqullab, uning qurilishiga tamal toshi qoʻygan edi. Oʻtgan qisqa vaqtda mamlakatimiz shaharsozligida yangilik boʻlgan koʻp tarmoqli sport majmuasi bunyod etildi. 

Majmua Toshkent shahrining Olmazor va Beshyogʻoch koʻchalari kesishmasida, 9 gektar maydonda qurilgan. Zamonaviy muhandislik texnologiyalarini uygʻunlashtirgan "Humo Arena" majmuasidan 12,5 ming oʻrinli koʻp tarmoqli muz arenasi, 200 oʻrinli mashgʻulotlar maydoni, trenajyor zali, sport muzeyi va koʻplab boshqa obyektlar oʻrin olgan. 

Har biri 60x30 metr oʻlchamdagi asosiy va mashq maydonlari musobaqalarni xalqaro talablar darajasida oʻtkazish, yoshlarning sport bilan shugʻullanishi uchun yaxshi imkoniyat yaratadi. 

Mobil oʻrindiqlar sport musobaqalaridan boʻsh paytda ommaviy tadbirlarni oʻtkazishga ham moslasha oladi. Bu yerda xokkey, short-trek, figurali uchish, kyorling bilan birga basketbol, voleybol, gandbol, futzal, boks, taekvondo va boshqa sport turlari boʻyicha musobaqalar oʻtkazish mumkin. Bundan tashqari, bayram tadbirlari, konsertlar, koʻrgazma va forumlar tashkil etish uchun ham sharoit mavjud. 

Yangi majmua mamlakatimizda sportni rivojlantirish, uning qishki turlarini ommalashtirish, sportchilar tayyorlashni yangi, xalqaro darajaga olib chiqish borasidagi ishlarga kuchli surʼat bagʻishlaydi. 

Prezidentimiz majmuadan samarali foydalanish, ommaviy tadbirlar vaqtida xavfsizlikni taʼminlash, inshoot atrofini obodonlashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. 

OʻzA

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali