Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatiga keldi

13116 28-Mart, 2017 Chop etish Yuklab olish (PDF 32 Kb)


O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, olib borilayotgan islohotlar jarayoni, yirik loyihalar bilan tanishish va xalq bilan muloqot qilish maqsadida 28-mart kuni Navoiy viloyatiga keldi. 

Mustaqillik yillarida Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida Navoiy viloyatida betimsol bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Navoiy viloyati haqida gap ketganda, avvalo, uning mehnatkash xalqi, yer osti va yer usti boyliklari, ulkan iqtisodiy salohiyati ko'z oldimizda namoyon bo'ladi. Mamlakatimizning yirik sanoat hududi hisoblangan ushbu viloyatda konchilik, metallurgiya, kimyo, energetika, qurilish materiallari, paxta tozalash, oziq-ovqat sanoati izchil rivojlanmoqda. 

Hozirgi kunda viloyatda 17 yirik sanoat korxonasi faoliyat ko'rsatmoqda. Navoiy kon-metallurgiya kombinati, "Navoiyazot", "Qizilqumsement", "Navoiy issiqlik elektr stansiyasi" aksiyadorlik jamiyatlari va "Elektrkimyozavodi" qo'shma korxonasi shular jumlasidandir. "Navoiy" erkin iqtisodiy zonasida 18 korxona faoliyati samarali yo'lga qo'yilgan bo'lib, ular tomonidan 100 dan ortiq turdagi raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. 

2016-yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilgan izchil ishlar samarasida yalpi hududiy mahsulot hajmi 10 trillion 5 milliard so'mni tashkil etdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish o'tgan yilga nisbatan 5,9 foiz, jumladan, hududiy sanoat mahsulotlari 15,4 foiz, xalq iste'moli mollari 12, qishloq xo'jaligi mahsulotlari yetishtirish 7,1, qurilish ishlari 9,3, chakana savdo aylanmasi 15,1, umumiy xizmatlar 15,5 foizga oshdi. 

Viloyatda o'tgan yili 866 yangi kichik biznes subyekti tashkil etildi. Kichik biznes subyektlarini qo'llab-quvvatlash maqsadida 611,9 milliard so'm kredit ajratildi. 2,8 trillion so'm kapital qo'yilmalar o'zlashtirildi. Viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida umumiy qiymati 229 milliard so'mlikdan ortiq loyihalar amalga oshirilib, 9 ming 500 dan ziyod yangi ish o'rni yaratildi. 

Davlatimiz rahbari o'zining saylovoldi dasturida Navoiy viloyatini rivojlantirish bo'yicha ulkan rejalarni bayon etgan edi. Prezidentimiz Navoiy viloyatiga tashrifi davomida ana shu rejalar ijrosi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, istiqbolli loyihalar bilan tanishish va xalq bilan bevosita muloqot qilish ko'zda tutilgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Navoiy issiqlik elektr stansiyasini kengaytirish loyihasi bilan tanishdi. 

Quvvati 450 MVt bo'lgan ikkinchi bug'-gaz qurilmasini qurish Navoiy tog'-kon metallurgiya kombinati, "Navoiyazot" aksiyadorlik jamiyati va hududdagi qishloq xo'jaligi iste'molchilarini elektr energiyasi bilan uzluksiz ta'minlash imkonini beradi. 

Loyihani amalga oshirish natijasida 1 kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun shartli yoqilg'ining sarfi kamayishi hisobidan bir yilda o'rtacha 330 million kub metr tabiiy gaz tejaladi. 

Bugungi kunda viloyatda amalga oshirilayotgan yirik iqtisodiy loyihalar ko'lamini kengaytirishda elektr energiyasi uzluksizligini ta'minlash muhim ahamiyat kasb etadi, dedi davlatimiz rahbari. 

Yaponiyaning "Mitsubishi Corporation and MHPS" konsorsiumi va Navoiy issiqlik elektr stansiyasi o'rtasida 2016-yil oktabr oyida mazkur loyihani amalga oshirishga doir shartnoma imzolangan edi. Hozirgi kunda "Mitsubishi Corporation and MHPS" konsorsiumi qurilish maydonida mobilizatsiya va yer ishlarini olib bormoqda. 

Bu yerda 112 ish o'rni yaratilishi ko'zda tutilgan.

Prezidentimiz Qiziltepa tumanidagi Toshrabot mahallasiga tashrif buyurib, viloyatda yengil sanoatni rivojlantirishga qaratilgan qator loyihalar bilan tanishdi. 

Navoiy viloyatida paxta tolasini chuqur qayta ishlash va jahon bozori talablariga mos eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish, aholi uchun yangi ish o'rinlari yaratishga alohida e'tibor qaratilmoqda.  Milliy bank krediti hisobiga Navoiy shahrida "Baxt tekstil", "Baxt Navoiy", Qiziltepa tumanida "Toshrabot tekstil" va Navbahor tumanida "Navbahor tekstil" mas'uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan zamonaviy va energotejamkor texnologik uskunalar asosida sifatli ip-kalava ishlab chiqarish yo'lga qo'yilmoqda. 

Umumiy qiymati qariyb 70 million dollarni tashkil etuvchi ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy investorlar ham jalb etilmoqda. Korxonalarga Shveytsariyaning "Riter" kompaniyasida ishlab chiqarilgan yuqori samaradorlikka ega zamonaviy dastgohlar olib kelib o'rnatiladi. 

Loyiha amaliyotga tatbiq etilgach, viloyatdagi paxta tolasi to'liq qayta ishlanadi, ip-kalavadan tayyor mato ishlab chiqarish 70 foizga, turli matolardan trikotaj mahsulotlar ishlab chiqarish 50 foizga yetadi. Yiliga 7,6 ming tonna sifatli ip kalava ishlab chiqarish quvvatiga ega "Baxt tekstil" korxonasi mahsulotlarining 80 foizini eksportga yo'naltirish mo'ljallanmoqda. 

Prezidentimiz mazkur loyihalar bilan tanishar ekan, hududlarda yetishtirilayotgan paxta tolasini o'sha yerning o'zida qayta ishlash tadbirkorlarga keng qulayliklar yaratib, xarajatlarning qisqarishi, aholining daromadi oshishiga xizmat qilishini ta'kidladi. 

Paxta tolasidan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini bosqichma-bosqich oshirib borish, tarmoqdagi mutaxassislar salohiyatini kuchaytirish, shu bilan birga, kollej bitiruvchilarini ishga jalb etish bo'yicha zarur ko'rsatma va topshiriqlar  berildi. 

Davlatimiz rahbari Karmana tumanidagi "Kamilla grup" mas'uliyati cheklangan jamiyatida Italiya texnologiyasi asosida tayyor charm ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasini ko'zdan kechirdi. 

Ushbu loyiha ishga tushgach, yiliga 20 million kvadrat detsimetr tayyor charm ishlab chiqarish va 3,2 million dollarlik mahsulotni eksport qilish imkoni paydo bo'ladi. Korxonada 40 ish o'rni yaratiladi. 

Prezidentimiz ushbu loyihalarning samaradorligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratdi. Viloyatda sanoat mahsulotlari yetishtirishni ko'paytirish va uni qayta ishlashni kengaytirish pirovard natijada xalqimizning turmush darajasini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta'kidlandi.

Prezidentimiz Karmana tumanidagi Mustaqillik massivida barpo etilayotgan qulay, arzon va zamonaviy uy-joylar, profilaktika inspektorlari uchun yashash joyi, davlat idoralari rahbarlari uchun qurilgan xizmat uylari  bilan tanishdi. 

Qishloq joylarda qurilayotgan namunaviy loyihalar asosidagi zamonaviy massivlar mamlakatimiz qiyofasini tubdan o'zgartirib, aholi turmush farovonligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Joriy yilda Navoiy viloyatida yangilangan namunaviy loyihalar asosida 1 ming 185 uy-joy qurilishi rejalashtirilgan. 

Navoiy viloyati Karmana tumani "Talqoq" mahalla fuqarolar yig'inida yangilangan loyihalar asosida 32 xonadonga mo'ljallangan ikki qavatli va 46 oila uchun 2 sotixli uylar barpo etildi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 21-oktabrdagi "2017-2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo'yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to'g'risida"gi qarori asosida qurilayotgan uylar aholi turmush farovonligini yuksaltirishda muhim omil bo'lmoqda. 

Bugun mazkur mahallada 1 ming 23 xonadon bo'lib, aholi soni qariyb 5 mingga yetdi. Zamonaviy uylarda istiqomat qilayotganlarning  aksariyati yosh oilalardir. 

Prezidentimizning 2016-yil 22-dekabrdagi "Mahalliy hokimliklar va davlat organlarining hududiy bo'linmalari rahbarlari uchun xizmat uy-joylarini qurish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qaroriga asosan Navoiy viloyatida 2017-2018-yillarda 105 xizmat uyi qurilishi belgilangan bo'lib, joriy yilda 60 uy-joy uchun pudratchilar tanlanib, qurilish ishlari jadal sur'atlarda olib borilmoqda. 

Karmana tumani rahbarlari uchun Mustaqillik massivida 9 xizmat uyidan 4 tasida qurilish tugallanib, kommunikatsiya tarmoqlariga ulandi. Qolgan 5 uy mamlakatimiz mustaqilligining 26-yilligi arafasida foydalanishga topshiriladi. 

Prezidentimiz yangilangan namunaviy loyihalar asosidagi zamonaviy uy-joylar bilan davlat idoralari rahbarlari uchun xizmat uylari yonma-yon qurilayotgani xalq bilan muloqot va inson manfaatlarini ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidladi.  

2017-yilda profilaktika inspektorlari uchun 2 sotix bo'lgan yer uchastkalarida 3 xonali 94 uy-joy qurilishi rejalashtirilgan bo'lib, ushbu uy-joylarni qurish uchun 12,2 milliard so'm mablag' ajratiladi. 

Bugungi kunda namuna sifatida Karmana tumani Mustaqillik massivida bitta uy qurib bitkazildi. 

Shavkat Mirziyoyev Nurota tumanidagi Chashma ziyoratgohi yonidagi muzey binosi, "Hunarmandchilik markazi" majmuasi, 50 o'ringa mo'ljallangan mehmonxona loyihalari bilan ham tanishdi. 

Davlatimiz rahbari ushbu loyihalarni sifatli va vaqtida amalga oshirish, Chashma ziyoratgohi maydonini yanada kengaytirish va obodonlashtirish bo'yicha mutasaddilarga ko'rsatmalar berdi. 

O'zA

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali