Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Qo'mita tomonidan brifing o'tkazildi

5324 5-Avgust, 2019 Chop etish Yuklab olish (PDF 22 Kb)


2019-yilning 5-avgust kuni Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo'llari qo'mitasi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun "O'zbekiston Respublikasida avtomobil yo'llari qurilishi va yo'l qoplamalari sifatini yaxshilash" mavzuida brifing o'tkazildi.

Brifingda ta'kidlanganidek, 2019-yilning o'tgan 6 oyi davomida mamlakatimizning 3 298,4 km avtomobil yo'llarida qurish, qayta qurish, ta'mirlash va saqlash ishlari rejalashtirilgan edi. Amalda 3 592,5 km avtomobil yo'llaridagi yo'l ishlari bajarildi. 

Jumladan, Investitsiya dasturiga asosan 60 km uzunlikdagi umumiy foydalanuvda bo'lgan avtomobil yo'llarida qurish va rekonstruktsiya qilish ishlari bajarildi. To'la ta'mirlash dasturiga asosan esa 52 km umumfoydalanuvda bo'lgan avtomobil yo'llari to'la (kapital) ta'mirlandi.

Joriy ta'mirlash va saqlash ishlari dasturiga asosan 1 144 km umumiy foydalanuvdagi avtomobil yo'llarida joriy ta'mirlash va saqlash (ekspluatatsiya) ishlari bajarildi.

Mintaqaviy avtomobil yo'llari holatini zarur darajaga keltirish orqali yo'l-transport infratuzilmasini yanada takomillashtirish, aholining hayot faoliyati uchun, ayniqsa, qishloq joylarda qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlarini va hududlarini istiqbolli rivojlantirish bo'yicha ham sezilarli ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2019-yilning 1-yarim yilligida 860,4 km uzunlikda ichki yo'llar ta'mirlandi.

"Obod qishloq" va "Obod mahalla" davlat dasturlari doirasida esa 1 442,1 km ichki xo'jaliklararo avtomobil yo'llari ta'mirlandi. 35 km dan ortiq shahar ko'chalari hamda aholi yashash ob'ektlariga kirish avtomobil yo'llari qurildi va rekonstuktsiya qilindi.

Yuqoridagi ishlarni amalga oshirish uchun qo'mita tizimidagi korxonalarning moddiy texnik bazasini yanada mustahkamlash maqsadida 114 dona yangi turdagi yo'l qurilish texnikalari xarid qilindi.

2019-yil oxiriga qadar ham yo'l xo'jaligida amalga oshirilayotgan ishlar jadal davom ettiriladi. Xususan, 2019 yilgi Investitsiya dasturiga asosan Respublika bo'yicha 100,5 km umumiy foydalanuvdagi avtomobil yo'llarida qurish va rekonsruktsiya ishlari amalga oshirilishi ko'zda tutilgan. 

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-yanvardagi "2017–2021-yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini "Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturi to'g'risida"gi Farmoni bilan 2019 yil davomida quriladigan, ta'mirlanadigan va rekonstruktsiya qilinadigan avtomobil yo'llari hamda ushbu maqsadlarga ajratiladigan mablag'lar belgilangan. Unga ko'ra joriy yil ichida mamlakatimizdagi 46,2 km – xalqaro, 18,7 km – davlat,  35,6 km – mahalliy ahamiyatdagi, shuningdek, 65 km – shahar ko'chalari, 60 km – namunaviy qishloq aholi punktlari va xizmat uylariga, 65 km – erkin iqtisodiy, kichik sanoat, iqtisodiy farm zonalarga olib boruvchi yo'llarni qurish, ta'mirlash va rekonstruktsiya qilish ishlari amalga oshiriladi.

2019-yil so'ngigacha Respublikadagi shahar ko'chalari va boshqa aholi punktlarining ichki yo'llarini kapital va joriy ta'mirlash ham ko'zda tutilmoqda. Jumladan, "Obod qishloq" davlat dasturi bo'yicha 5 200 km ichki xo'jaliklararo avtomobil yo'llari, "Obod mahalla" davlat dasturi bo'yicha 400 km shahar ko'chalarida qurilish va ta'mirlash ishlari olib borish mo'ljallangan. Bulardan tashqari, hukumat topshiriqlari va tasdiqlangan "Yo'l xaritalari"ga asosan 1200 km ichki yo'llar ta'mirlanishi ham belgilangan.

Brifingda jurnalistlarni qiziqtirgan ko'plab savollarga javob berildi.

Avtomobil yo'llari qo'mitasi

matbuot xizmati

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali