Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Qo'mita tomonidan o'tkazilgan matbuot anjumani

8745 25-Aprel, 2018 Chop etish Yuklab olish (PDF 774 Kb)


2018-yilning 25-aprel kuni Milliy matbuot markazida O'zbekiston Respublikasi Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun "Avtomobil yo'llari qurish ishlari sifatini oshirish, yo'llardan foydalanish jarayoniga kompleks yondashuv" mavzuida matbuot anjumani o'tkazildi. 

So'nggi davr ichida avtomobil yo'llari qurilishi hamda ta'miri sifatiga yondashuv tubdan o'zgardi. Shu maqsadda - zamonaviy transport qatnovini inobatga olgan tarzda, avtomobil yo'llaridan foydalanuvchilarning manfaatlarini o'zida aks ettirgan, avtomobil yo'llarini loyihalash, qurish, ta'mirlash, bu ishlarni moliyalashtirish masalalarini o'zida qamrab olgan kompleks tizim ishlab chiqildi. 


Amalga oshirilgan ishlar natijasida o'tgan 2017 yil davomida Investitsiya dasturiga asosan 264,4 km umufoydalanuvdagi avtomobil yo'llarida qurilish va rekonstruktsiya qilish ishlari bajarildi. Xususan, Respublika yo'l jamg'armasi mablag'lari hisobidan 179,4 km avtomobil yo'li foydalanishga topshirildi. Xalqaro moliyaviy institutlar mablag'larini jalb qilish evaziga xalqaro ahamiyatdagi A-380 "G'uzor-Nukus-Qo'ng'irot-Beyneu" avtomobil yo'lining 355-440 km qismlarida – Buxoro viloyatining Romiton, Jondor va Peshku tumanlari hududlaridan o'tuvchi 85 km 4 tasmali tsementbeton qoplamali avtomobil yo'li yangidan qurib bitkazildi. 

To'la ta'mirlash dasturiga asosan 175,5 km umumfoydalanuvdagi avtomobil yo'llarida kapital ta'mirlash ishlari bajarildi.

Joriy ta'mirlash ishlari dasturiga asosan 2850 km umumfoydalanuvdagi avtomobil yo'llarida joriy ta'mirlash ishlari bajarildi.


Ta'kidlash o'rinliki, mintaqaviy avtomobil yo'llarining yo'l qoplamalari holatini zarur darajaga keltirish va ularni ekspluatatsiya qilish xususiyatlarini oshirish orqali yo'l-transport infratuzilmasini yanada takomillashtirish, aholining hayot faoliyati uchun, ayniqsa, qishloq joylarda qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlarini va hududlarini istiqbolli rivojlantirish bo'yicha ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. 2017-yil davomida 3673 km.dan ortiq uzunlikdagi mintaqaviy avtomobil yo'llari ta'mirlandi, bu esa – 2016-yilning shu davridagiga nisbatan 3,4 marta ziyod demakdir. Natijada 3760 ta qishloq va aholi punktlarida 4600 ta ko'cha va ichki yo'llar ta'mirlanib, 4 milliondan ortiq aholiga qulayliklar yaratildi.

Ushbu ishlarni amalga oshirish maqsadida Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasi tizimidagi korxonalarning moddiy texnik bazasini yanada mustahkamlash maqsadida 238 ta turdagi yo'l qurilish texnikalari xarid qilindi.


O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yilning 11-sentyabrdagi "Avtomobil yo'llarining arxitektura-landshaft qurilishi va ko'kalamzorlashtirish tizimini takomilashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori ijrosi yuzasidan "O'zyo'lko'kalamzorlashtirish" unitar korxonasi  va uning viloyatlardagi hududiy "Yo'lko'kalam" unitar korxonalari tashkil etildi. Prezident qarorida 2018 yil uchun respublika umumfoydalanish avtomobil yo'llari bo'ylaridagi chegara hududlariga 288 ming dona xar xil turdagi manzarali, butasimon, igna bargli, baland va o'rta bo'yli daraxt ko'chatlari ekilishi belgilab qo'yilgan edi. 2018 yilning I choragi davomida Qoraqalpog'iston Respublikasi va barcha viloyatlardagi mavjud umumfoydalanish avtomobil yo'llari chegarasiga tutash yo'l bo'yi hududlarida 505,1 km uzunlikda ko'kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari olib borildi va 230 ming donaga yaqin nihollar ekildi.

Yo'l sohasidagi yana bir muhim qadam – yo'l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish bo'yicha Davlat inspektsiyasining tashkil qilinganligi qurilish va ta'mir muddatlarini sezilarli darajada qisqartirishga hissa qo'shmoqda.


Shu o'rinda joriy – 2018-yilda amalga oshiriladigan ishlar haqida to'xtab o'tish lozim. 2018-yil davomida Respublika bo'yicha avtomobil yo'llarida 7249,9 km uzunlikda umumiy qiymati 3739,3 mlrd.so'mlik (o'tgan yilga nisbatan 1,8 baravar ko'p) qurilish ta'mirlash ishlari amalga oshirilishi belgilandi.

Xususan, qishloq joylarda 2754 km ichki xo'jaliklararo yo'llarni ta'mirlash, 600 km.dan ortiq shahar va namunaviy loyihalar asosida qurilayotgan qishloq massivlarning ko'chalarini hamda 280 km magistral yo'llarini qurish va rekonstruktsiya qilish, 3634 km umumfoydalanuvdagi avtomobil yo'llarini ta'mirlash ko'zda tutilgan.

Bundan tashqari O'zbekiston Respublikasi Prezidentining hududlarga bo'lgan tashriflaridavomida berilgan topshiriqlarga muvofiq, dasturga qo'shimcha ravishda yana 315 km ichki xo'jaliklararo yo'llar va ko'chalarda qurilish hamda ta'mirlash ishlari boshlanadi.

Ma'lumot o'rnida aytish lozimki, 2018 yilning 1-chorak yakunlari bo'yicha Respublikamizdagi 210 km ichki va mintaqaviy avtomobil yo'llari ta'mirlandi.


Shuningdek, 6ta loyihaga Xalqaro moliyaviy institutlar mablag'larini jalb qilish hisobiga 75,5 km qurilish ishlari bajarilishi rejalashtirildi. Bular - Namangan viloyatidagi "Qamchiq" dovonida, A-380 avtomobil yo'lining Buxoro – Gazli yo'nalishida, Surxondaryo viloyatida M-39 avtomobil yo'lining Termiz-Boysun yo'nalishida, Qashqadaryo viloyatida - "Qarshi-Shaxrisabz" yo'nalishida, G'uzor-Chim-Ko'kdala yo'nalishidagi 4R87 avtomobil yo'lida, Andijon, Namangan, Farg'ona va Toshkent viloyatlari hududlaridan o'tuvchi mahalliy ahamiyatiga ega avtomobil yo'llari to'la ta'mirlanishi, kabilardir.

Anjumanda matbuot vakillarining ko'plab savollariga javoblar berildi.

Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasi

matbuot xizmati

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali