Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Qonun normalaridan to'g'ri foydalanish korxonalar iqtisodini mustahkamlash omili

10588 14-Iyul, 2014 Chop etish Yuklab olish (PDF 26 Kb)


"O'zavtoyo'l"davlat-aktsiyadorlik kompaniyasi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Oliy majlisi Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo'mitasi hamda O'zbekiston Iqtisodchilar uyushmasi bilan hamkorlikda tizimdagi tashkilot va korxonalar uchun seminar o'tkazildi.

Tadbirning asosiy maqsadi "O'zavtoyo'l" DAK tarkibidagi korxonalarda buxgalteriya hisobi, moliyaviy hisobotlarning yuritilishi va soliqqa tortish masalalarida xato-kamchilikka yo'l qo'yilmasligini ta'minlash uchun mazkur yo'nalishda qonunchilikka kiritilgan qo'shimcha va o'zgarishlar bilan korxonalar rahbar va mas'ul xodimlarni tanishtirish, ularning amaliyotda duch kelayotgan ayrim tushunmovchilik va savollariga yechim topib berishdan iborat.

Zero, hukumatimiz tomonidan iqtisod tarmoqlarini rivojlantirish, korxonalarga o'zlarining iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishlari uchun qulay shart-sharoit yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar negizida, tabiiyki, qonunchilikni takomillashtirish borasida ham o'ziga xos ishlar amalga oshirilmoqda — qator qonun va qonunosti hujjatlariga qo'shimchalar va o'zgartirishlar kiritilyapti. Bunday islohotlardan ko'zlangan maqsadlarga erishish uchun esa qonunchilikdagi yangi normalar mazmun-mohiyatining joylarda yaxshi tushunib yetilishi, ulardan samarali foydalana olinishi, bir so'z bilan aytganda, bu yangi normalar amalda yaxshi ishlab ketishi lozim.

— Kompaniyamiz tarkibidagi korxonalarning iqtisodiy ahvolini yaxshilash borasida Prezidentimiz va hukumatimizning yordami bilan ulkan islohotlar amalga oshirilayotgan hozirgi davrda bu masala biz uchun yanada muhim ahamiyat kasb etadi, — dedi "O'zavtoyo'l" DAKning Moliya-iqtisodiyot Bosh boshqarmasi boshlig'i J. Tursunov shu kuni seminar oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida seminarning ahamiyati to'g'risida ma'lumot berar ekan. — Imkoniyat yaratish qanchalik muhim bo'lsa, ushbu imkoniyatdan to'g'ri va o'z vaqtida foydalana bilish yana-da muhim. Bunga erishish uchun esa amaliyotda ishlayotgan mutaxassislarda yetarlicha bilim va ko'nikma bo'lishi kerak.

Ushbularni inobatga olgan holda "O'zavtoyo'l" DAK tarkibidagi korxonalar uchun tashkil etilgan seminar kun tartibiga "O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 3 martdagi "Qurilish tashkilotlarini yanada rivojlantirish va ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to'g'risida"gi PQ-2137-son qarori mazmun-mohiyati", "O'zbekiston Respublikasining buxgalterlik hisobini yuritish bilan bog'liq qonunchiligiga 2014 yida kiritilgan o'zgarishlar", "O'zbekiston Respublikasining soliq qonunchiligidagi o'zgarish va qo'shimchalar", "Sud instantsiyalarigacha bo'lgan jarayonda debitorlik qarzdorlikni qisqartirish yo'llari", "Ishlab chiqarish korxonalarida xarajatlarni boshqarish va soliqqa tortiladigan foydani aniqlashda xarajatlarning mahsulot tannarxiga kiritilishi tartibi bo'yicha tushunchalar" kabi mavzular kiritilgan bo'lib, ma'ruza uchun O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari, O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasining malakali mutaxassislari taklif etilgan.

Shuningdek, seminar doirasida ishtirokchilarga ishda foydalanishlari uchun kun tartibidagi masalalarga oid metodik qo'llanmalar ham tarqatildi.Matbuot anjumanida seminarning mazmun-mohiyati yoritib berilishi barobarida Kompaniya mutaxassislari jurnalistlarning sohaga doir boshqa turli savollariga ham javob berdilar. Jumladan, "O'zavtoyo'l" DAK tarkibidagi korxonalarning faoliyat yo'nalishlari, Kompaniya faoliyatining 2014 yil 1-yarim yilligi yakunlari va kelgusidagi rejalar, yirik qurilish loyihalari bo'yicha atroflicha to'xtab o'tildi.

"O'zavtoyo'l" DAK Matbuot xizmati

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali