Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Qurilish sohasiga innovatsion texnologiyalar keng joriy etiladi

6604 8-Yanvar, 2020 Chop etish Yuklab olish (PDF 29 Kb)


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-yanvar kuni qurilish sohasidagi islohotlarni yanada jadallashtirish boʻyicha ustuvor vazifalarga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

Mamlakatimizda bunyodkorlik koʻlami yil sayin kengaymoqda. Yangi uy-joylar, yirik zavodlar, zamonaviy infratuzilma obyektlari barpo etilmoqda. Tabiiyki, bunday katta hajmdagi ishlarni sifatli va oʻz vaqtida bajarish uchun malakali quruvchilar va loyihachilar, barqaror tashkilotlar kerak.

Yigʻilishda qurilish sohasidagi muammo va kamchiliklar keskin tanqid qilindi. Masalan, mamlakatimizda 22 mingga yaqin qurilish-pudrat tashkiloti boʻlib, ularning aksariyatida ishchilar soni va kasb malakasi toʻgʻrisida maʼlumot yuritilmaydi.

Hududlardagi barcha qurilishlar yagona buyurtmachi xizmati tashkilotlariga topshirib qoʻyilgani koʻrsatkichlarga salbiy taʼsir qilmoqda. Ilgʻor xorijiy tajribada qurilish xavfsizligi, sifati va natijasi nazorat qilinsa, bizda barcha kuch va resurslar jarayonni nazorat qilishga sarflanib, sifat ikkinchi oʻringa tushib qolgan.

Davlatimiz rahbari sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish, uni zamonaviy asosda rivojlantirish boʻyicha muhim chora-tadbirlarni belgilab berdi.

Loyiha institutlari oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini yaratish, xorijiy tajriba asosida tenderlar oʻtkazishning aniq mezonlarini ishlab chiqish, bu borada elektron tizimni eksperiment tariqasida Toshkent shahrida joriy etish boʻyicha topshiriq berildi.

Qurilish, Moliya, Adliya vazirliklari va boshqa mutasaddi tashkilotlarga joriy yil 1-iyulga qadar qurilish korxonalari faoliyatini baholash reytingini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi. Ushbu reytingda ishchilar soni va malakasi, bajarilgan ishlar hajmi, soliq va kreditlarning oʻz vaqtida toʻlanishi kabi mezonlar oʻz aksini topadi.

Shaharsozlik normalari va qoidalarini hamda yagona buyurtmachi xizmati tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish zarurligi taʼkidlandi.

Sohada axborot texnologiyalaridan foydalanish darajasi pastligi qayd etildi. Jumladan, loyihalarni yaratish, ekspertizadan oʻtkazish, qurilishga ruxsat berish, qurilish-pudrat ishlarini nazorat qilish jarayonlari haligacha qogʻozda bajarilyapti. Investor va tadbirkorlar uchun qayerda nima qurish mumkinligi haqida maʼlumot beruvchi geoinformatsion tizim yoʻlga qoʻyilmagan.

Shu bois yigʻilishda Qurilish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga tizimni toʻliq raqamlashtirish boʻyicha joriy yilda amalga oshirishga oid "yoʻl xaritasi" ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

Sohada texnika xavfsizligi talablariga rioya qilinmayotgani, "risk-analiz" tizimi va nazorat yoʻqligi oqibatida baxtsiz hodisalar yuz berayotgani qayd etildi. Tegishli vazirlik va idoralarga qurilish sohasida davlat nazoratini butunlay yangicha asosda tashkil etish, mehnat muhofazasini kuchaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Yigʻilishda kadrlar masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Davlatimiz rahbari qurilish sohasi uchun mutaxassislar tayyorlash tizimi bugungi kun talabiga javob bermasligini taʼkidladi.

Mehnat vazirligi, Qurilish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga qurilish sohasida oʻrta boʻgʻin mutaxassislari va ishchi kasblar klassifikatorini joriy qilish hamda unga muvofiq kollejlarda quruvchilar tayyorlash vazifasi qoʻyildi.

Sohaga oid taʼlim dasturlarini yuqori texnologiyalar va innovatsion yondashuvlar asosida yangidan ishlab chiqish, boʻlajak kadrlarni zamonaviy loyihalash va dasturiy taʼminot, xususan, BIM (Building Information Modeling) texnologiyalari bilan ishlashga oʻrgatish lozimligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar boʻyicha mutasaddi rahbarlar hisobot berdi, tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.

OʻzA

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali