Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Shavkat Mirziyoev – O'zbekistonning saylangan Prezidenti

10932 6-Dekabr, 2016 Chop etish Yuklab olish (PDF 337 Kb)


5-dekabr kuni poytaxtimizda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasining Prezident saylovining dastlabki natijalariga bag'ishlangan tadbiri bo'lib o'tdi. 

Tadbirda O'zLiDeP faollari, tadbirkorlar va ishbilarmonlar, turli soha vakillari, san'at va madaniyat namoyandalari, keng jamoatchilik ishtirok etdi. 

Yig'ilganlar Prezident saylovini yoritish bo'yicha Respublika matbuot markaziga onlayn tarzida bog'lanib, saylovning dastlabki natijalarini kuzatib bordi. 

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining dastlabki natijalariga ko'ra, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 15 million 906 ming 724 ovoz, ya'ni saylovda ishtirok etgan saylovchilar umumiy sonining 88,61 foiz ovozi bilan g'alaba qozongani haqidagi xabar yig'ilganlar tomonidan gulduros qarsaklar bilan kutib olindi. 

Shavkat Mirziyoyev tadbirda so'zga chiqib, o'ziga bildirilgan yuksak ishonch uchun butun xalqimizga minnatdorlik bildirdi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida o'tgan 25-yilda mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida beqiyos o'zgarishlar amalga oshirilgani, milliy davlatchiligimizning mustahkam asoslari yaratilib, demokratik huquqiy davlat, kuchli fuqarolik jamiyati shakllantirilgani, bozor iqtisodiyoti tamoyillari rivojlantirilganini ta'kidladi. Bunday keng ko'lamli ishlarni izchil davom ettirish barchamizning, butun xalqimizning eng asosiy maqsadi, burchidir. Zero, Vatan ravnaqi, yurt kelajagi, xalq farovonligi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh g'oyasidir. 

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish jarayonini kuzatib borgan beshta xalqaro tashkilot – Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi, Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi va Islom hamkorlik tashkilotidan, 46 davlatdan kelgan 600 ga yaqin kuzatuvchilarga ham samimiy minnatdorlik bildirdi. 

Saylovda xalqimiz mamlakatimizdagi tinchlik va osoyishtalik barqaror bo'lishi, xalqimizning turmush farovonligi yanada yuksalishi, davlatimizning xalqaro miqyosdagi nufuzini mustahkamlash, rivojlangan davlatlar qatoridan munosib o'rin egallashi uchun ovoz berdi. Har bir saylovchi o'z oilasi, farzandlari baxtu kamoli, yorug' kelajagi uchun ovoz berdi.


Eng muhimi, xalqimiz ushbu saylov orqali dunyo hamjamiyati oldida juda muhim, mas'uliyatli sinovdan muvaffaqiyatli o'tdi. Birinchi Prezidentimiz ilgari surgan g'oyalarga sodiqligini, o'zaro ahil, hamjihatligini, Vatan taqdiri, xalqimiz kelajagi uchun befarq emasligini, ulug' maqsadlar yo'lida yakdillik bilan harakat qilishini va ulkan natijalarga erisha olishini yana bir bor namoyon qildi. Buni dunyoning turli mintaqalaridan, nufuzli xalqaro tashkilotlardan kelgan kuzatuvchilar ham e'tirof etdi. 

Videokonferensaloqa shaklida o'tgan tadbirda Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyatlar markazlaridan ko'p ming sonli odamlar ishtirok etdi.

Tadbirda Vatan, mustaqillik, baxt haqidagi qo'shiqlar yangradi.

O'zA

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali