Shavkat Mirziyoevning Jizzax viloyatiga tashrifi boshlandi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, olib borilayotgan islohotlar jarayoni, yirik loyihalar bilan tanishish va xalq bilan muloqot qilish maqsadida 30-mart kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi.
Jizzax viloyati qadimdan sharq va g'arbni bog'lovchi Buyuk ipak yo'lining muhim qo'nalg'alaridan biri bo'lib kelgan. Mustaqillik yillarida hududning mamlakatimiz taraqqiyotidagi o'rni va ahamiyati yanada ortdi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar tufayli hududning jug'rofiy, transport kommunikatsiya imkoniyatlaridan, yer osti va yer usti boyliklari, ulkan iqtisodiy salohiyatidan yanada samarali foydalanilmoqda.
Prezidentimiz o'tgan yilning 28-aprel kuni viloyatga tashrif buyurib, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayoni bilan tanishgan edi. O'tgan vaqt davomida viloyatda ulkan ishlar amalga oshirildi.
Davlatimiz rahbari tamal toshini qo'yib bergan Zafarobod tumanidagi neftni qayta ishlash zavodi qurilishi nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyo mintaqasida katta voqea bo'ldi. Ayni paytda loyiha qiymati 2,2 milliard AQSh dollari bo'lgan korxonani bunyod etish ishlari yuqori sur'atlarda davom etmoqda. "Jizzax" erkin iqtisodiy zonasida xorijiy investitsiyalar ishtirokida bunyod etilayogan "Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive" zavodi, yaqinda ishga tushirilgan shisha mahsuloti ishlab chiqaradigan "Ming Yuan Sily industry" mas'uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi korxona, Jizzax shahrida bunyod etilayotgan "SILK EXPERT prcessing" xom ipak yetishtirish va qayta ishlashga ixtisoslashgan O'zbekiston – Buyuk Britaniya qo'shma korxonasi mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Hududlarni kompleks rivojlantirishga qaratilayotgan e'tibor tufayli bunday yirik loyihalar olis tumanlarda ham amalga oshirilmoqda. Jumladan, Forish tumanining Egizbuloq qishlog'ida Buyuk Britaniyaning "Leigh Barrier LLP" kompaniyasi bilan hamkorlikda "Mega invest industrial" mas'uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi kompozit armaturalarni ishlab chiqarish zavodi, G'allaorol tumanidagi "Marjon global" dorivor giyohlarni qayta ishlash, Zomin tumanida "Zomin-Farm" maxsus iqtisodiy zonasi tarkibidagi korxonalar viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish, qishloq aholisini ish bilan ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etayotir.
Viloyatda yengil sanoatning izchil rivojlanyotgani natijasida hududda yetishtirilgan paxtaning 40 foizi mahalliy sanoat korxonalarida qayta ishlanmoqda.
Prezidentimiz joylarda o'tkazayotgan uchrashuvlarda ko'p va qayta-qayta ta'kidlab kelayotgan odamlarning turmush sharoitini yaxshilash masalasi ham viloyatda amalga oshirlayotgan bunyodkorliklarning markazida turibdi. Shu maqsadda "Obod qishloq" dasturi asosida Do'stlik tumanidagi Manas qishlog'i namunali qishloqqa aylantirilib, odamlarga munosib turmush sharoiti yaratildi.
Prezidentimizning navbatdagi tashrifi davomida ham viloyatni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator loyihalarnining amalga oshirilishi, avvalgi tashrifda bergan topshiriqlarning ijrosi, aholining talab-ehtiyojlari bilan bevosita tanishish ko'zda tutilgan.
Manba: O'zA