Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Shavkat Mirziyoyev Yunusobod tumaniga tashrif buyurdi

17223 15-Iyul, 2017 Chop etish Yuklab olish (PDF 133 Kb)


Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 15-iyul kuni poytaxtimizning  Yunusobod tumaniga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari tumanda joylashgan Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasining Qo'riqlash boshqarmasi faoliyati bilan tanishdi. 

Mamlakatimizda ichki ishlar tizimi tubdan isloh qilinmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan profilaktika inspektorlari o'zi xizmat qilayotgan hududda yashaydigan, fuqarolar yig'inlari bilan birga ishlaydigan yangi tizim yaratilmoqda. Ichki ishlar xodimlari uy-joy, avtomobil va zamonaviy texnika vositalari bilan ta'minlanmoqda. 

Sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilayotgani tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, jamoat tartibini saqlashda muhim o'rin tutmoqda. Mamlakatimizdagi barcha militsiya tayanch punktlarini o'zaro bog'lovchi optik tolali tizim barpo etilmoqda. 

Prezidentimiz 8-iyul kuni Namangan shahridagi "Orzu" mahalla fuqarolar yig'ini profilaktika inspektori xizmat xonasida o'rnatilgan komputer orqali Xorazm viloyati Xiva tumani ichki ishlar bo'limi xodimlari bilan videomuloqot qilgan edi. 

Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasining Qo'riqlash boshqarmasida ham jamoat xavfsizligini ta'minlashda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanilmoqda. Bosh boshqarmada "Xavfsiz shahar" boshqaruv situatsion markazi tashkil etilmoqda. Markaz yo'l harakati xavfsizligi, yong'in xavfsizligi, qo'riqlash xizmati, post-patrul xizmati va boshqa tarmoqlarni geoinformatsion tizim orqali boshqaradi. Bozorlar, ta'lim va tibbiyot muassasalari, mehmonxonalar, yo'llar va boshqa jamoat joylariga o'rnatilgan videokuzatuv uskunalari, zamonaviy signal uzatish texnikasi bunda qo'l keladi. Bu jinoyat va huquqbuzarlik sodir etilishining oldini olish, ularni tez fursatlarda bartaraf etishda muhim ahamiyatga ega. 

Tinchlik-osoyishtalikni ta'minlash tizimi bugungi hayotimiz talablariga mos bo'lishi kerak, dedi davlatimiz rahbari. Yangi zamonaviy tizim samarali ishlashi uchun uni mukammal o'zlashtirish,  bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq etish zarur. 

Prezidentimiz mazkur boshqaruv tizimini ikki yil davomida sinovdan o'tkazish, ichki ishlar xodimlarining axborot texnologiyalari bo'yicha bilimini oshirish, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Toshkentdagi Inha universitetida ixtisoslashgan kadrlar tayyorlash, tizim puxta o'zlashtirilganidan keyin uni mamlakatimizning barcha shaharlarida joriy etish zarurligini ta'kidladi.

Davlatimiz rahbari Yunusobod tumanidagi "Shifo Nur" ko'ptarmoqli tibbiyot markazida bo'lib, shifokor va bemorlar uchun yaratilgan sharoitlarni ko'zdan kechirdi. Kattalar va bolalarni konservativ va jarrohlik yo'li bilan davolash ishlarini yo'lga qo'yish, ushbu yo'nalishda xorijning nufuzli klinikalari bilan hamkorlikni mustahkamlash, malakali mutaxassislarni jalb etish loyihasi bilan tanishdi. 

Mamlakatimizda onalik va bolalikni muhofaza qilish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish, tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo'yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Tibbiyot sohasida xususiy sektorga keng o'rin berilayotir. Bu borada Prezidentimizning 2017-yil 1-apreldagi "Sog'liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori muhim dasturilamal bo'lmoqda. 

"Shifo Nur" ko'ptarmoqli tibbiyot markazi 2013-yilda tashkil etilgan. 36 o'rinli markazda 60 dan ortiq malakali shifokor oftalmologiya, plastik jarrohlik amaliyotlari, pediatriya, kardiologiya, nevrologiya, ginekologiya, otolaringologiya, stomatologiya, fizioterapiya va optika yo'nalishlari bo'yicha aholiga sifatli tibbiy xizmat ko'rsatmoqda. 

Tibbiyot muassasalarini zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan ta'minlash, tibbiy xizmat sifatini yanada oshirish kerak, dedi Prezidentimiz. Amaliyotga eng zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bilan birga, ulardan samarali foydalanishni ham ta'minlash,  shifokorlar bilimi va malakasini muttasil oshirib borish zarur. 


Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Yunusobod tumanidagi Islomobod mahallasida yashovchi Tohir va Shohista To'laganovlar xonadonida mehmon bo'ldi. 

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning samaralari, farzandlar tarbiyasi haqida so'z yuritildi. Oiladagi barcha farzandlar hayotda o'z o'rnini topgan. 

Oila faxri va farishtasi Shohaydar ota Shoismoilov mamlakatimizga tinchlik-osoyishtalik, xalqimizga yanada farovonlik, Prezidentimizga sog'lik-omonlik tilab duo qildi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Bo'zsuv kanali bo'yida barpo etiladigan ushbu bog' loyihasi bilan tanishdi. 

Bog'da kitob o'qish uchun maxsus joylar, favvoralar, amfiteatr, ko'rgazma pavilyonlari, sport va sog'lomlashtirish zonalari, kamonchilar va havaskor baliqchilar klublari tashkil etiladi, zamonaviy attraksionlar o'rnatiladi. Bog' hududga tutash Shahidlar xotirasi xiyoboni bilan o'zaro uyg'unlik kasb etadi. 

Shavkat Mirziyoyev bu yerni madaniyat va ma'naviyat maskaniga aylantirish, yoshlar, kitobxonlar uchun barcha sharoitlar yaratish bo'yicha ko'rsatmalar berdi. Bog'ni barpo etishda tabiiy relyefdan oqilona foydalanish, turli daraxt va gulzorlarni ko'paytirish zarurligini ta'kidladi.

Davlatimiz rahbari Yunusobod tumanidagi Islomobod mahallasida bo'ldi.  

Mahalla hududidagi Yunusobod komputer texnologiyalari kasb-hunar kollejida 11-yillik maktab ta'limini tashkil etish loyihasi taqdimoti o'tkazildi. Unda mahalla faollari, ota-onalar ishtirok etdi.  

Yurtimizdan dunyo ilm-fani taraqqiyotiga beqiyos hissa qo'shgan buyuk mutafakkirlar yetishib chiqqan. Yoshlarimizni ularga munosib ma'rifatli, ilmli qilib tarbiyalashimiz lozim, dedi Prezidentimiz. Bunda maktab tarbiyasi alohida o'rin tutadi. Maktabda o'quvchi ma'lum muhitda shakllanadi. O'qituvchi va ota-onasining doimiy nazoratida bo'ladi. Maktabdan so'ng kollej yoki litseyda – boshqa muhit. Shuning uchun ota-onalar, keng jamoatchilik fikri, taklifi asosida 11-yillik maktab ta'limi qayta yo'lga qo'yilmoqda. 

11-yillik maktablarda o'quv dasturlarini puxta ishlab chiqish, ularni sifatli adabiyotlar bilan ta'minlash zarurligi ta'kidlandi. O'quvchilar maktab qoshida yoki yaqin atrofdagi kasb-hunar kollejida tashkil etiladigan o'quv ishlab-chiqarish majmualarida haftasiga bir marta turli mutaxassisliklarni o'rganish imkoniyatiga ega bo'ladi.   

Maktabda o'qishni davom ettirish yoki kasb-hunar kollejiga o'tish o'quvchining ixtiyorida. O'zi tanlasin, muhimi, ularni tarbiyali, ota-onasini hurmat qiladigan, vatanparvar qilib voyaga yetkazishimiz kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Islomobod mahallasida 3 ming 165 aholi istiqomat qiladi. Lekin mahalla hududida maktab yo'q. Yoshlar boshqa mahallalardagi maktablarga qatnashga majbur. Uchrashuvda mahalla faollari, ota-onalar hududdagi Yunusobod komputer texnologiyalari kasb-hunar kollejini 11-yillik maktabga aylantirish taklifini bildirdi. Prezidentimiz ushbu taklifni ko'rib chiqish uchun mutasaddilarga tegishli ko'rsatmalar berdi. 

Davlatimiz rahbariga 11-yillik maktab ta'limi, Mudofaa vazirligi huzurida "Temurbeklar maktabi"ni tashkil etish bo'yicha ishlab chiqilgan takliflar haqida ham ma'lumot berildi. 

Prezidentimiz shu yerda O'zbekiston yoshlar ittifoqining bir guruh faollari bilan uchrashdi. Unda iste'dodli yoshlarni har  tomonlama qo'llab-quvvatlash, uy-joy bilan ta'minlash, poytaxtimizda yosh kompozitorlar uyini tashkil etish va boshqa masalalar haqida so'z bordi. 

O'zA

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali