Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

ShHTning Ostona sammiti

8236 9-Iyun, 2017 Chop etish Yuklab olish (PDF 29 Kb)


Sammit 9-iyun kuni Ostona shahrining Mustaqillik saroyida davlat rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi bilan boshlandi. Qozog'iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev raisligida o'tgan uchrashuvda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Qirg'iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyev, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon ishtirok etdi. 

Muzokarada ShHT va uning organlari faoliyatini yanada takomillashtirish, tashkilotga a'zo davlatlar o'rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, terrorizm, diniy ekstremizm, narkotik moddalar va qurol-yarog' kontrabandasiga qarshi birgalikda kurashish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. 

Davlat rahbarlari ShHTning so'nggi sammitida kelishilgan masalalar – tashkilotga a'zo davlatlar o'rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy-madaniy, gumanitar hamda transport sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishga doir keng ko'lamdagi masalalarni ko'rib chiqdilar. 

ShHTning 2025-yilgacha rivojlanish strategiyasini amalga oshirish bo'yicha 2016-2020-yillarga mo'ljallangan harakatlar rejasini tasdiqlash to'g'risidagi qaror, ShHTga a'zo davlatlarning turizm sohasidagi hamkorligini rivojlantirish dasturi va boshqa hujjatlar ijrosiga e'tibor qaratildi. 

ShHT nisbatan qisqa vaqt ichida nufuzli xalqaro tashkilotga aylandi. ShHT tuzilganidan keyin ko'plab davlatlar unga a'zo bo'lish istagini bildirdi. Shanxay hamkorlik tashkilotining Toshkent sammitida davlat rahbarlari Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja va Nepalga ShHTning muloqot bo'yicha sheriklari maqomini berish to'g'risida kelishib olgan edi. 

Bundan tashqari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti,  Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi, ASEAN kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik ShHT nufuzi oshib borayotganidan dalolat beradi. 

Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar rahbarlari majlisni kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar. Ularga kuzatuvchi davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari ham qo'shildi. 

Qozog'iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev raisligida o'tgan yig'ilishda, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Qirg'iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyev, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, kuzatuvchi maqomidagi mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari – Afg'oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G'ani, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi, Mo'g'uliston Respublikasi Prezidenti Saxiagiyn Elbegdorj, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Navoz Sharif, Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muhammad Javad Zarif ishtirok etdi. Majlisda ShHT Bosh kotibi Rashid Alimov, ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ijroiya qo'mitasi direktori Yevgeniy Sisoyev qatnashdi. 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi Ijroiya qo'mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti Bosh kotibi o'rinbosari Amanjol Janquliyev,  ASEAN Bosh kotibi Le Liong Min ishtirok etdi. 

O'tgan  yillar davomida ShHT nufuzli davlatlararo tashkilot sifatida xalqaro maydonda mustahkam o'rin egalladi, ko'p tomonlama hamkorlikning samarali mexanizmiga aylandi. 

Tashkilotning 2016-yilgi Toshkent sammitida Hindiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasining ShHTga a'zo davlat maqomini olish yo'lidagi majburiyatlari to'g'risidagi memorandumlar imzolangan edi. 

Sammitda Hindiston va Pokiston tashkilotga a'zo sifatida qabul qilindi. 

Hindiston va Pokistonning ShHT a'zosi maqomiga ega bo'lishi tashkilot imkoniyatlarini kengaytirib, xalqaro maydonda dolzarb muammolarni hal etish, mintaqa va dunyoda xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta'minlashda ko'p tomonlama mexanizm sifatida tashkilot rolini yanada oshirishga xizmat qiladi. 

ShHTga a'zo davlatlar xalqaro terrorizm, separatizm va ekstremizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, narkotik va psixotrop moddalar va ularning prekursorlari noqonuniy aylanishiga, axborot xavfsizligiga tahdid solayotgan xavflarga qarshi faol, izchil kurashmoqda.  

Sammit ishtirokchilari ShHT Ishbilarmonlar kengashi va Banklararo birlashmasi faoliyatiga oid axborotlarni tinglab, ularning faoliyatini ijobiy baholadi. Ushbu tuzilmalarga Tashkilot doirasida barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ta'minlash borasida, xususan, makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni ta'minlash, iqtisodiyotning yuqori texnologik tarmoqlarini jadal rivojlantirish, sanoat infratuzilmalarini modernizatsiyalash, sarmoyaviy loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish, ishbilarmon doiralar va moliyaviy tuzilmalar o'rtasida bevosita aloqalarni rivojlantirish orqali amaliy ko'mak berishga yo'naltirilgan  faoliyatni kengaytirish bo'yicha o'zaro aloqalarni faollashtirishni tavsiya etdi. 

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o'z nutqida sammit ishtirokchilari e'tiborini Afg'onistondagi vaziyatni yaxshilash zarurligiga qaratib, u yerda sodir etilayotgan davomli teraktlar dunyoning barcha mamlakatlari uchun xavf solayotganini alohida ta'kidladi. Ushbu tahdidlarga hamkorlikda, jahon hamjamiyati harakatlarini birlashtirgan holda qarshi kurashish zarurligini qayd etdi. 

Yoshlarni turli yot g'oyalardan  asrash, ularning zamonaviy ta'lim-tarbiya olishi, komil inson bo'lib voyaga yetishida davlatlararo  hamkorlikning ahamiyati katta. 

Samarqand shahrida Islom hamkorlik tashkiloti ko'magida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi millatlararo, madaniyatlararo munosabatlarni mustahkamlashda muhim qadam bo'ladi, dedi davlatimiz rahbari. 

O'zbekiston ShHTga a'zo davlatlar o'rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash, "Bir makon, bir yo'l" loyihasi doirasida transport-kommunikatsiya sohasini jadal rivojlantirish tarafdori ekanini qayd etdi.   

Xitoy-Qirg'iziston-O'zbekiston temir yo'lining qurilishi mamlakatimizning jahon bozoriga chiqishida alohida ahamiyatga ega. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ShHT davlatlari temir yo'l sohasi rahbarlarining  uchrashuvlarini tashkil qilish zarurligini ta'kidladi. 

ShHTning doimiy faoliyat yurituvchi xalq diplomatiyasi markazini  tashkil etish g'oyasini ilgari surdi. 

O'zbekiston Prezidenti Hindiston va Pokistonning ShHT a'zoligiga qabul qilinishi hamkorlikni rivojlantirish uchun butkul yangi imkoniyatlarni yaratishini ta'kidladi.

Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik Xitoy Xalq Respublikasiga o'tdi. 

Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining Ostona sammiti yakunlandi.   

Davlat rahbarlari kengashi majlisi yakunlari bo'yicha qabul qilingan Ostona deklaratsiyasida amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid asosiy yondashuvlar, ko'p tomonlama hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish uchun barcha sa'y-harakatlarni yo'naltirishga qaratilgan mushtarak intilishlar o'z ifodasini topgan. 

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda majlis samarali bo'lgani, imzolangan hujjatlar ShHT mamlakatlari o'rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi ta'kidlandi. 

Davlat rahbarlari ShHT sammiti yuksak saviyada tashkil etilganini ta'kidlab, Qozog'iston tomoniga samimiy mehmondo'stlik uchun minnatdorlik bildirdilar.

O'zA

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali