Tashqi ishlar vazirligida uchrashuv
O'zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 20-aprel kuni O'mon Sultonligi Tashqi ishlar vazirligi Bosh kotibi Badr bin Hamad al-Busaidiy boshchiligidagi delegatsiya a'zolari bilan uchrashdi.
Tomonlar o'zaro hamkorlik tarixidagi muhim sana – mamlakatlarimizda 22-aprel kuni nishonlanadigan O'zbekiston bilan O'mon o'rtasida diplomatik munosabatlar o'rnatilganining 25-yilligi bilan bir-birini tabrikladilar.
Muloqot chog'ida barcha sohalardagi hamkorlikni kengaytirishdan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekani, buning uchun zarur salohiyat mavjudligi qayd etildi. Bu masalalar O'monning mamlakatimizdagi elchixonasi va tez orada Maskat shahrida ochiladigan O'zbekiston elchixonasi faoliyatining asosi bo'lishi lozimligi ta'kidlandi.
O'mon moliyaviy va konsultativ ko'magi asosida qurilib, jihozlanayotgan O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining yangi binosi madaniy-gumanitar sohadagi samarali aloqalarning yorqin namunasi ekani qayd etildi.
Xalqaro siyosatning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashildi.
Shu kuni O'zbekiston – O'mon vazirliklari o'rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning beshinchi raundi bo'lib o'tdi. Unda mamlakatlarimiz hamkorligini rivojlantirish istiqbollari, tomonlarni qiziqtirgan ko'plab masalalar muhokama qilindi.
O'zbekiston – Turkmaniston – Eron – O'mon transport koridori mexanizmlarining ishga tushirilishi nuqtai nazaridan transport-kommunikatsiya sohasidagi hamkorlikka alohida e'tibor qaratildi.
O'mon delegatsiyasi mamlakatimizning qator vazirlik va idoralarida o'zaro hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan muzokaralar o'tkazadi.