Tinch va farovon hayotimizning huquqiy asosi
"O'zbekiston" xalqaro anjumanlar saroyida 5-dekabr kuni O'zbekiston
Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunning 23-yilligiga bag'ishlangan
tantanali yig'ilish bo'lib o'tdi.
Unda davlat va jamoat arboblari,
fan, madaniyat va san'at namoyandalari, poytaxt jamoatchiligi, mamlakatimizda
faoliyat ko'rsatayotgan xorijiy davlatlar elchixonalari va xalqaro tashkilotlar
vakolatxonalari vakillari ishtirok etdi.
Yig'ilishni Toshkent shahar hokimi R.Usmonov
ochdi.
O'zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi
yangradi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom
Karimov tantanali yig'ilishda ma'ruza qildi.
Davlatimiz rahbari O'zbekiston
Respublikasining Konstitutsiyasi mamlakatimizda suveren demokratik davlat barpo
etish, inson manfaatlari, huquq va erkinliklarini ta'minlash, iqtisodiyotimiz
rivoji va turmushimiz farovonligini yuksaltirishning asosiy huquqiy kafolati
bo'lib kelayotganini ta'kidladi.
Ushbu tarixiy sanani bayram qilar
ekanmiz, mustaqilligimizning mustahkamlanishi, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarning
izchil rivojlanishi, aholi turmush darajasining yuksalishi, mamlakatimizning
xalqaro hamjamiyatdagi nufuzi ortishi – barcha yutuq va imkoniyatlarimizda
Asosiy qonunimizning ahamiyati yuksak ekanligini yanada teran anglaymiz.
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi
bayramining yana bir muhim jihati, shu kuni xalqimizning ezgu intilishlarini
ifoda etadigan, jamiyatimiz rivojiga xizmat qiladigan eng ustuvor yo'nalishlar
belgilab olinadi va kelgusi yilga shunga muvofiq nom beriladi.
Prezidentimiz Islom Karimov
tashabbusi bilan 2015-yil Keksalarni e'zozlash yili deb e'lon qilingan edi.
"Keksalarni e'zozlash yili"
Davlat dasturi asosida yoshi ulug' insonlarning hayot darajasi va sifatini
oshirishga qaratilgan me'yoriy-huquqiy baza takomillashtirildi. Keksalarning
ko'nglini ko'tarish, salomatligini mustahkamlash, moddiy va ma'naviy
qo'llab-quvvatlash ko'lamini kengaytirish, tibbiy va ijtimoiy xizmat ko'rsatish
sifatini oshirish borasida keng ko'lamli ishlar amalga oshirildi. Faxriylarning
hayot faoliyati va dam olishini mazmunli tashkil etish, yurtimizdagi
tinchlik-osoyishtalik va mehr-oqibat muhitini mustahkamlashda ularning
tajribasidan foydalanishga alohida e'tibor qaratildi.
Vatanimizni har tomonlama
rivojlantirish, xalqimiz farovonligini yanada oshirish yo'lidagi bunday ishlar
izchil davom ettirilmoqda.
Prezidentimiz Islom Karimov kirib
kelayotgan yangi – 2016-yilni mamlakatimizda Sog'lom ona va bola
yili deb e'lon qilishni taklif etdi. Davlatimiz rahbarining bu taklifini
yig'ilganlar gulduros qarsaklar bilan qo'llab-quvvatladi.
Tantanali marosim san'at ustalari va yosh
ijrochilarning bayram konserti bilan yakunlandi.