Tinchlikni mustahkamlash yo'lida hamkorlik
Avval xabar qilinganidek, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan 2-3-sentabr kunlari tashrif bilan Pekin shahrida bo'ldi.
Davlatimiz rahbari 3-sentabr kuni Pekin shahrida Ikkinchi jahon urushida
qozonilgan G'alabaning 70-yilligiga bag'ishlab o'tkazilgan tantanali
marosimlarda ishtirok etdi.
Xitoy xalqi o'sha yillardagi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklarga
qaramay mardonavor kurashib, Ikkinchi jahon urushining hur fikrli insoniyat
foydasiga yakunlanishiga ulkan hissa qo'shgan.
Pekin shahridagi Tyananmen maydonida ushbu g'alabaning 70-yilligiga bag'ishlab
o'tkazilgan harbiy parad umumbashariy ahamiyat kasb etdi. Unda o'ttizga yaqin
mamlakatdan davlat va hukumat rahbarlari, BMT, ShHT kabi xalqaro tuzilmalar rahbarlari
qatnashdi.
Harbiy parad o'tkazishdan ko'zlangan asosiy maqsad xalqlar ozodligi yo'lida jon
fido qilgan insonlar xotirasiga hurmat bajo keltirish, dunyoda tinchlik va
xavfsizlikni mustahkamlashda hamkorlikni kuchaytirish, yosh avlod qalbida tinchlikni
qadrlash tuyg'ularini shakllantirishdir.
Davlatimiz rahbarining Pekinda o'tkazilgan tantanali marosimlarda ishtirok
etishi mamlakatimizning dunyoda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlashga
intilishi, shu bilan birga, O'zbekiston va Xitoy xalqlari o'rtasidagi do'stlik
va hamkorlikning yorqin ifodasi bo'ldi.
Tashrif asnosida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Xitoy Xalq
Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan uchrashdi.
O'zbekiston bilan Xitoy o'rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari tobora
mustahkamlanib bormoqda. Siyosat, iqtisodiyot, savdo, sanoat, moliya, qurilish,
ilm-fan, ta'lim, madaniyat sohalaridagi keng ko'lamli hamkorlik izchil
rivojlanmoqda.
Xitoy O'zbekistonning eng yirik savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sheriklaridan
biridir. O'zaro tovar ayirboshlash hajmi izchil o'sib borayotir. Xususan,
2014-yilda bu ko'rsatkich 4,7 milliard AQSh dollariga yetgan. Joriy yilning
birinchi yarmida o'zaro savdo aylanmasi 11,7 foiz o'sgan.
Mamlakatimizda xitoylik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda tuzilgan 582 korxona
faoliyat yuritmoqda. Ularning saksondan ziyodi to'laligicha Xitoy
investitsiyalari hisobiga tashkil etilgan. Yurtimizda Xitoyning yetmishdan
ortiq kompaniyasi o'z vakolatxonasini ochgan.
2013-yilda tashkil etilgan O'zbekiston – Xitoy yuqori texnologiyalar sanoat
parki – "Jizzax" maxsus industrial zonasida mobil telefonlar, tikuv
mashinalari, qurilish materiallari, quyosh kollektorlari va boshqa mahsulotlar
ishlab chiqarilmoqda.
"O'zbekiston temir yo'llari" aksiyadorlik jamiyati va Xitoyning China Railway
Tunnel Group kompaniyasi hamkorligida qurilayotgan Angren – Pop temir yo'li
O'zbekiston bilan Xitoy o'rtasida eng qisqa temir yo'l tarmog'ining ahamiyat
jihatidan muhim bo'g'iniga aylanadi. Bu mamlakatlarimiz o'rtasida
savdo-iqtisodiy hamkorlikning yanada kengayishiga xizmat qiladi.
Xitoy Milliy neft-gaz korporatsiyasi (CNPC) mamlakatimizdagi uglevodorod
konlarini qidirish va qazish ishlarida faol ishtirok etmoqda. O'rta Osiyo –
Xitoy gaz quvuri quvvatlarini oshirish, Xitoyga uzluksiz tabiiy gaz yetkazib
berishni ta'minlash, Muborak gaz-kimyo majmuasida tabiiy gazni chuqur qayta
ishlash bo'yicha hamkorlikda ish olib borilmoqda.
"PoliTeknoloji" kompaniyasi bilan hamkorlikda Angrenda avtomobil va qishloq
xo'jaligi texnikasi uchun shinalar hamda konveyyer lentasi ishlab chiqarish
yo'lga qo'yilmoqda.
"O'zbekiston – Xitoy" hamda "Xitoy Xalq Respublikasi – Markaziy Osiyo
mamlakatlari" do'stlik jamiyatlari o'zaro aloqalarni mustahkamlashda muhim omil
bo'lmoqda.
Fan-texnika muassasalari o'rtasida ilmiy hamkorlik, oliy o'quv yurtlari orasida
talabalar almashuvi kengaymoqda. Xitoyda o'zbek tili, O'zbekistonda xitoy tili
o'rgatilmoqda. Mamlakatlarimizda o'zaro madaniy muloqotni mustahkamlashga
qaratilgan kino kunlari, badiiy ko'rgazmalar, festivallar o'tkazilmoqda.
Pekinda o'tgan oliy darajadagi muloqot chog'ida tomonlar o'zaro hamkorlikning
bugungi holati, uni yanada rivojlantirish istiqbollarini atroflicha muhokama
qildilar, o'zlarini qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr
almashdilar.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Xitoy Xalq Respublikasiga
tashrifi doirasida 3-sentabr kuni XXR Davlat kengashi Bosh vaziri Li Ketsyan
bilan uchrashdi.
Suhbat chog'ida Prezident Islom Karimovning ushbu tashrifi mamlakatlarimiz
o'rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, o'zaro strategik sheriklik
munosabatlarini izchil mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Tomonlar oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, savdo-iqtisodiy,
sarmoyaviy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni har tomonlama
rivojlantirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashdilar.
Shu bilan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Xitoy Xalq
Respublikasiga tashrifi nihoyasiga yetdi. Davlatimiz rahbarining Ikkinchi jahon
urushi qurbonlari xotirasiga hurmat bajo keltirgani xayrli qadam, Xitoy
rahbariyati bilan samarali muzokaralari xalqlarimiz manfaatlari yo'lidagi muhim
amaliy tadbir bo'ldi.
"O'zavtoyo'l" AK Matbuot xizmati