"Toshkentdan Xorazmgacha..."
Bugungi kunda shu mashhur qo'shiqni xirgoyi qilganingizda, beixtiyor bu ikki yurt o'rtasidagi yo'lning necha kilometrligi yodingizga tushadi. Yo'lni eslagandan keyin esa, ularning bugungi holatini ham ko'z oldingizga keltirishingiz tabiiy. Dadil aytish mumkinki, bu yo'llar bugun zamon talablariga mos holda – ham qurilmoqda, ham ta'mirlanmoqda.
Faktlar va misollar keltiramiz. Ayni paytda viloyatda "Xorazmavtoyo'l" tashkiloti qaramog'idagi yo'l xo'jaligi korxonalariga qarashli jami 2210 km umumiy foydalanishdagi avtomobil yo'llari mavjud bo'lib, shundan 113 km - xalqaro, 706 km - davlat va 1391 km - mahalliy ahamiyatdagi yo'llardir.
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 27 apreldagi 126-sonli qaroriga asosan 4r156 "Urganch–Xonqa–Hazorasp–Toshsoqa orqali Amudaryo" avtomobil yo'lining 50-62 km qismida, 4r158 "Urganch–Xiva" avtomobil yo'lining 13-28 km qismida, 4r160 "Urganch–Gurlan–Mang'it–Turkmaniston Respublikasi chegarasi" avtomobil yo'lining 0-5 km qismlarida yo'l qurish va ta'mirlash ishlari olib borilmoqda.
Ko'priklar to'g'risida alohida to'xtalish kerakki, ularni qayta qurish bo'yicha "Xorazmko'prik" korxonasi va boshqa pudratchilar tomonidan, viloyatdagi 5 ta ko'prikda ishlar qizg'in olib borilmoqda. Shundan Xiva tumanidagi ko'prikda ishlar to'liq tugallandi, Urganch, Qo'shko'pir, Xazorasp va Gurlan tumanidagi ko'priklarni qayta qurish ishlari joriy yil oxiriga qadar yakunlanadi. Bundan tashqari 4r161 "Urganch–Cholish–Beruniy" avtomobil yo'lini 13-kilometrida qurilayotgan Amudaryo ustidan o'tuvchi ko'prikning ta'mirlash ishlari ham boshlab yuborilgan.
"Xorazmavtoyo'l" HYFT direktori F.Salaevning ma'lumot berishiga qaraganda, viloyatdagi shahar ko'chalarida ham qurilish va ta'mirlash ishlari davom ettirilmoqda. Xususan, Urganch shahridagi "Yoshlik", "Xonqa", "Ma'rifatchi", "Baynalminal", "Shovot", "Tinchlik", "Sheroziy", "G'.G'ulom", "Paxlavon Maxmud", "Amudaryo", "Beruniy", "Yangi Urganch" ko'chalari xamda Shovot kanali bo'yi yo'lida qayta qurish ishlari bajarildi.
Yuqoridagilardan tashqari yo'llarda viloyatdagi xarakat xavfsizligi ta'minlash bo'yicha ham talay ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 22 ta ko'prikda panjara, yo'lak va yon to'siqlari o'rnatildi, 1000 dan ortiq yo'l belgilari va 500 km dan ziyod yo'l chiziqlari yangilandi, 30 km atrofida yo'l yoqasi tosh bilan qayta mustahkamlandi. Yo'lovchilarga qulay sharoit yaratish maqsadida 40 ta zamonaviy yengil tipdagi oynaband avtobus bekatlari qurildi, 27 ta mavjud avtobus bekatlari ta'mirlandi.
Bir so'z bilan aytganda, bugun Xorazm tomonlarga yo'lingiz tushsa, yangilanayotgan va qurilayotgan yo'llarni ko'rib, xuddi bu san'atsevar yurt odamlari singari – quvnab, hatto kuylab ketishingiz aniq...
"O'zavtoyo'l" AK matbuot xizmati