Yillar va yoʻllar...
Mamlakatimizda soʻnggi yillarda yoʻlsozlik sohasini rivojlantirish, yoʻllarni xalqaro talablar darajasiga keltirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Yoʻlsozlar tomonidan zamonaviy yoʻl, yoʻl oʻtkazgich, koʻprik, piyodalar uchun yer osti va yer usti yoʻllari bunyod etilayotgani aholining uzogʻini yaqin qilib,harakat xavfsizligini taʼminlashga xizmat qilayotir.
Yoʻli sozning – ishi soz
3 ming 965 kilometr umumiy, shundan 400 kilometri xalqaro, 1 ming 241 kilometri davlat va 2 ming 324 kilometri mahalliy ahamiyatga ega yoʻllar mavjud boʻlgan Toshkent viloyatida ham bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, oʻtgan yillar mobaynida Toshkent – Andijon – Oʻsh, Toshkent – Samarqand – Buxoro, Toshkent – Chimyon – Chorvoq yoʻllari rekonstruksiya qilinib, birinchi toifaga oʻtkazildi. Toshkent – Chimyon – Chorvoq yoʻli 2 milliard 924 million, Parkent – Zarkent – Soʻqoq avtomobil yoʻlining 10 kilometrlik qismi esa 1 milliard 65 million soʻmdan ziyod mablagʻ evaziga toʻliq taʼmirlandi. Bu jarayonda viloyat yoʻlsozlari "Katerpiller", "Virtgen", "Jibxerr", "Xamm", "Fogele", "ABG", "Daynapak", "Hitachi", "Komatsu", "Kato", "Nissan" kabi jahonda yetakchi kompaniyalarning zamonaviy texnika va uskunalaridan foydalandi.
– Dovon oshib, vodiyga tez-tez borib turaman, – deydi angrenlik Fazliddin Shokirov. – Avvallari tik togʻ yoʻllariga koʻtarilish qiyin, kamiga yoʻllarning oʻnqir-choʻnqirligi asab va mashinaning zavoli edi. "Qamchiq" va "Rezak" tunnellari barpo etilgani ayni muddao boʻldi. Endi yoʻl uchun ortiqcha asab va vaqt yoʻqotmaymiz.
Maʼlumotlarga koʻra, istiqlol yillarida viloyat hududida 235 kilometrdan ziyod yoʻllarda qurilish va rekonstruksiya ishlari bajarilgan. Shuningdek, umumiy uzunligi 1 ming 200 metrdan ortiq 10 ta yoʻl oʻtkazgich, qariyb 10 ming 600 metrlik 44 ta koʻprik qurilib, rekonstruksiya qilingan.
Viloyatda 10 ming 300 kilometrdan ortiq ichki xoʻjalik yoʻllari mavjud. Transport qatnovi xavfsizligini taʼminlash va aholiga qulay sharoit yaratish maqsadida qishloqlarda yaroqsiz holga kelgan yoʻllar bosqichma-bosqich rekonstruksiya qilinib, tosh-shagʻal, asfalt-beton, sement-beton va qora qoplamali zamonaviy yoʻllarga aylantirilmoqda. Xususan, birgina oʻtgan yili 120 kilometrdan ziyod yoʻl taʼmirlandi. Prezidentimizning "2017-2018 yillarda mintaqaviy avtomobil yoʻllarini rivojlantirish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarori bu borada muhim dasturilamal boʻlib xizmat qilayotir.
– Mazkur qaror bilan mintaqaviy avtomobil yoʻllarining yoʻl qoplamalari holatini zarur darajaga keltirish, ularni ekspluatatsiya qilish xususiyatlarini oshirish orqali yoʻl-transport infratuzilmasi yanada takomillashtirilishi nazarda tutilgan, – deydi viloyat avtoyoʻllar hududiy bosh boshqarmasi boshligʻi Jahongir Bekmirzayev. – Bu bilan, ayniqsa, qishloq joylarda qulay sharoitlar yaratish, shuningdek, mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlari va hududlarini istiqbolli rivojlantirish maqsad qilingan. Dasturga muvofiq, 2017-2018 yillarda viloyat boʻyicha 516 kilometrlik yoʻl va koʻchalarni taʼmirlash rejalashtirilgan.
Yangi yoʻllar – yangi imkoniyatlar va ulkan tejamkorlik omili
Soʻnggi yillarda yoʻl qurilishi borasida haydovchi va yoʻlovchilar uzogʻini yaqin qilish, poytaxt havosi musaffoligini taʼminlash, shahar koʻchalarida tirbandlikning oldini olish maqsadida qator loyihalar amalga oshirildi. Jumladan, 2009-2017 yillarda Toshkent koʻprik xoʻjaligini saqlashga ixtisoslashtirilgan taʼmirlash-foydalanish korxonasi tomonidan "Toshkent aylanma yoʻli" barpo etildi. "Toshkent xalqa yoʻli" avtomobil yoʻlining 63 kilometri, yaʼni Sergeli tumani 5-mavzesi orqa tomonidan Bektemir – Gʻazalkent – Chorvoq avtomobil yoʻligacha boʻlgan yoʻnalishda mazkur yoʻlning ishga tushirilishi aholi, ayniqsa, haydovchilar uchun qator qulayliklar yaratmoqda. Xususan, yoʻl boʻylab zamonaviy shaharsozlik infratuzilmasini yaratish sanoatni rivojlantirishga xizmat qilishi bilan birga, viloyatning janubi-sharqiy hududini shimoli-gʻarbiy qismi bilan shahar tashqarisida bogʻlovchi koʻprik sifatida ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
– Haftasiga ikki marta "Otchopar"ga qatnayman, – deydi Nurafshon shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro Umid Normatov. – "Toshkent aylanma yoʻli"ning qurilishi bilan yoʻlga sarflaydigan vaqtimiz yarim soatga qisqardi. Arzimasdek koʻrinishi mumkin-u, ammo yoqilgʻi ham ikki litrgacha tejalmoqda.
Darhaqiqat, qariyb 22 kilometr yoʻl asfalt-beton qorishmasi bilan qoplanib, 26 metr kenglikda, har bir tomoni uch polosali ravon yoʻl barpo etilgani yoʻlovchilarning vaqti va naqdini tejash imkonini berayotir.
Maʼlumotlarga koʻra, ayni paytda mazkur yoʻlda kuniga oʻrtacha 20 ming avtomobil, 40 mingga yaqin yoʻlovchi harakatlanmoqda. Oddiy arifmetik hisob-kitoblarga koʻra, yoʻlovchilarning kuniga 20 ming soat, boshqacha aytganda, 833 kun yoki 2 yilu 3 oy vaqti tejalayotgani ayon boʻladi. Bu bir oyda qariyb 68 yil vaqt tejaladi, demakdir.
Yoqilgʻi tejamkorligi borasida ham shunga oʻxshash holatni kuzatish mumkin. Xususan, kuniga oʻrtacha 20 ming avtomobil harakatlanishi va oʻrta hisobda 2 litrgacha yoqilgʻi tejalishi inobatga olinsa, bir kunda oʻrtacha 40 ming litr yoqilgʻi foydaga qolayotgani oydinlashadi. Agar buni eng arzon yoqilgʻi turi – metan gaz misolida hisoblasak, kuniga 68 million soʻmlik yoqilgʻi tejalayotgani ayon boʻladi. Bu – loyihaga sarflangan 188 milliard 200 million soʻm mablagʻ 8 yilga qolmasdan birgina yoqilgʻi tejalishi hisobiga toʻliq qoplanishini anglatadi.
200 ga yaqin suv oʻtkazish inshooti, Chirchiq daryosi ustidan oʻtuvchi koʻprik, bitta temir yoʻl ustidan oʻtgan yoʻl oʻtkazgich va toʻrtta kichik koʻprikni oʻz ichiga olgan mazkur loyiha amalga oshirilishi natijasida poytaxt yoʻllarida avtomobillardan atmosferaga koʻplab zaharli gazlar chiqishining oldi olinayotir. Shuningdek, poytaxtning Sergeli tumanidan boshlanib, Toshkent viloyatining Zangiota, Yangiyoʻl, Oʻrta Chirchiq, Quyi Chirchiq va Yuqori Chirchiq tumanlarini bogʻlagan holda vodiyga yoʻnaltirilgan ushbu yoʻl boʻylab namunaviy loyihalar asosida zamonaviy turar joy massivlari, ishlab chiqarish quvvatlari va maishiy xizmat koʻrsatish obyektlari barpo etilishiga zamin yaratildi.
Yangi yoʻl qurilishi va uning ahamiyati haqida gap borar ekan, "Oʻzbek milliy avtomagistrali" tarkibiga kiruvchi Guliston – Ohangaron yoʻli qurilishini ham alohida qayd etish lozim. 55 kilometrlik mazkur yoʻl Buyuk ipak yoʻlining muhim nuqtasi – vodiy va Ohangaron vohasini yurtimizning boshqa hududlari bilan bogʻlovchi koʻprik sifatida, ayniqsa, hududlarni bogʻlash masofasini avvalgiga nisbatan 75 kilometrgacha qisqartirgani bilan qimmatlidir.
Yoʻlovchi xavfsizligi – eng oliy mezon
Viloyatda yangi yoʻllar qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish, yoʻl oʻtkazgich va koʻpriklar barpo etish bilan bir qatorda aholining xavfsiz harakatlanishini taʼminlash maqsadida piyodalar uchun yer osti va yer usti yoʻllari qurishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, 2008-2013 yillarda piyodalar uchun atigi bitta yer osti yoʻli qurilgan boʻlsa, soʻnggi 5 yilda 4 ta ana shunday zamonaviy yoʻl foydalanishga topshirildi. Bu esa, oʻz navbatida, avtomobil va piyodalarning xavfsiz xarakatlanishiga zamin yaratayotir.
Ayniqsa, ziyoratchi va sayyohlar bilan doimo gavjum boʻladigan viloyatdagi tarixiy obida va muqaddas qadamjolarga olib boruvchi yoʻllarni taʼmirlash va kengaytirish, yer osti oʻtish yoʻllari va avtomobillar toʻxtash joylarini qurish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.
Zangiota tarixiy-meʼmoriy majmuasidan misol. Hamisha ziyoratchi va sayyohlar bilan gavjum boʻladigan mazkur majmua qarshisidagi koʻcha yaqin-yaqingacha tor va doim tirband edi. Yer osti oʻtish yoʻli yoʻqligi esa koʻchaning bu tarafiga shoshayotgan ziyoratchilar, jumladan, avtomobillar harakatlanishida qiyinchilik tugʻdirardi.
– Zangiota ziyoratiga tez-tez kelib turaman, – deydi samarqandlik Abdurasul Rahmatov. – Ilgari obida qarshisidagi shundoq ham serqatnov yoʻlda piyodalar va transport vositalarining betartib harakati turli noqulayliklarni keltirib chiqarardi. Bu galgi safarimda mutlaqo oʻzgacha manzara. Menga tanish ziyoratgoh binosi, yoʻlboʻyidagi pastqam loysuvoq uylar zamonaviy qiyofa kasb etibdi. Yer osti yoʻli barpo etilgani esa juda yaxshi ish boʻlibdi. Ilgari tor va tirband koʻchadan yurakni hovuchlab oʻtardik.
Darhaqiqat, obida qarshisida piyodalar uchun kengligi 6, uzunligi 48 metrlik umumiy qiymati 11 milliard 266 million soʻm boʻlgan yer osti oʻtish yoʻli, shuningdek, 1000 dan ziyod avtoulovni sigʻdira oladigan 2 ta avtomobillar toʻxtash joyi foydalanishga topshirildi.
Ziyoratgoh yonidan oʻtuvchi Eski Toshkent yoʻli ham tubdan qayta taʼmirlandi. 3 polosali yoʻl kengligi 16 metr boʻlgan 4 polosali, ziyoratgoh roʻparasida esa 23 metrdan iborat 6 polosali etib kengaytirildi. Qarama-qarshi yoʻnalishda harakatlanayotgan transport vositalari xavfsizligini taʼminlash maqsadida ajratuvchi panjaralar oʻrnatildi. Yoʻl boʻyidagi yoritgichlar ham yangilandi. Hozirda ushbu yoʻl 1-toifali yoʻl talablariga toʻliq javob beradi.
Keng, tekis va ravon yoʻllar, zamonaviy yer osti oʻtish yoʻllari yoʻlovchilarning uzogʻini yaqin, ogʻirini yengil qilish, ortiqcha vaqt yoʻqotishining oldini olish barobarida, yoʻl harakati bilan bogʻliq noxush hodisalar kamayishiga xizmat qilmoqda.
– Yoʻl-transport hodisalari joriy yilning sakkiz oyida oʻtgan yilning shu davri bilan taqqoslaganda 28,4 foizga kamaydi, – deydi viloyat IIB YHXB boʻlim boshligʻi Ulugʻbek Nurmuhamedov. – Piyodalar ishtirokidagi yoʻl-transport hodisalari 21,1 foizga, xususan, bolalar ishtirokidagi esa 34,8 foizga kamaydi. Albatta, bu mamlakatimizda yoʻllarni xalqaro meʼyorlar darajasiga keltirish va yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashborasida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasidir.
"Yoʻl azobi – goʻr azobi", deyishgan ota-bobolarimiz. Bugun bu ibora mantiqan eskirdi. Yoʻlsozlik borasida amalga oshirilayotgan ishlar pirovardida yoʻllar yoʻlovchiga azob emas, madaniy hordiq bagʻishlamoqda.
Muxtasar aytganda, mamlakatimiz yoʻlsozlik sohasida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari haydovchilarning yoʻl bilan bogʻliq sarf-harajatlarini keskin qisqartirish, yoʻlovchilar uzogʻini yaqin qilish, ayniqsa, xavfsiz harakatlanishini taʼminlash barobarida, atmosferaga zaharli gazlar chiqishining oldini olish, binobarin, tabiat musaffoligini asrashga xizmat qilayotir.
Avazbek Xudoyqulov, OʻzA