Хозирда мазкур сайтнинг янги версияси яратилмокда

Logo

Yuksalish odimlarini belgilayotgan islohotlar

8022 20-Yanvar, 2018 Chop etish Yuklab olish (PDF 34 Kb)


Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, avval belgilangan vazifalar ijrosi bilan tanishish maqsadida 19-yanvar kuni Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi. 

Surxondaryo viloyati ulkan iqtisodiy imkoniyatlari, geografik va transport salohiyati bilan mamlakatimiz hayotida muhim o'rin tutadi. Viloyatning yer osti va yer usti boyliklaridan unumli foydalanish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hududning sanoat salohiyatini yuksaltirib, eksportbop tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga xizmat qilayotgan bo'lsa, agrar tarmoqda yuz berayotgan o'zgarishlar aholining to'kin, obod hayotini ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 10-11-fevral kunlari viloyatga tashrifi chog'ida belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan korxonalar ishga tushirilib, ko'plab yangi turdagi mahsulotlarni tayyorlash yo'lga qo'yildi. Servis va xizmat ko'rsatish tarmoqlari yangi bosqichda rivojlanishga yuz tutdi. Ko'p tarmoqli fermer xo'jaliklarini tashkil etishga e'tibor yanada kuchaydi. 

Shavkat Mirziyoyev viloyatga tashrifini Termiz tumanidagi "Inter Silk Pro" qo'shma korxonasiga qarashli pillaxona bilan tanishishdan boshladi. Bu yerda Xitoy texnologiyasi asosida pilla yetishtirilib, qayta ishlash tarmoqlariga yetkazib berilmoqda. 

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 29-martdagi qarori asosida "O'zbekipaksanoat" uyushmasi tashkil etilgan edi. Uyushma tomonidan bugungi kunda tarmoqni jadal rivojlantirish maqsadida sohaga innovatsion g'oya va texnologiyalar joriy etilmoqda. 

Ilg'or xorijiy tajribalar asosida 2017-yilda barpo etilgan pillaxonada plyonka ostida hamda sun'iy dastalarda sanoatbop xom ashyo yetishtiriladi. Bunda barg sarfi 30 foizgacha kamayadi, shu bilan birga, birinchi-ikkinchi yoshdagi ipak qurti boqilib, kasanachilarga tarqatiladi. Sun'iy dastalarning afzalligi shundaki, qurt pillani standart holatda o'raydi. 

5 gektarlik qurtxonada 10 kishi doimiy, 70-75 kishi mavsumiy ishlaydi. Bu yerda 100 bosh parranda, 50 quti asalari, shuningdek, chorva mollari, quyon parvarishlanmoqda. 

Ushbu maskandagi tutzor ham innovatsion usulda, 0,90x0,20 sxemasi asosida tashkil etilgan. Bunda bir gektarga 55 ming tupdan ziyod tut ko'chati o'tqaziladi hamda yiliga uch marta barg olinadi. Shu asosda viloyatda yiliga 2-3 marta pilla yetishtirish imkoniyati paydo bo'lmoqda. 

Prezidentimiz "O'zbekipaksanoat" uyushmasi tashkil etilgandan so'ng pillachilik sohasini rivojlantirish borasida ijobiy qadamlar tashlanayotganini ta'kidladi. Tarmoqda erishilayotgan yutuqlarda soha uchun puxta huquqiy asos yaratilgani muhim omil bo'lmoqda. 

O'tgan yili pilladan mamlakatimizda ilk bor tajriba tariqasida uch marta hosil olishga erishildi. Barcha hududlarda qurtxona majmualari qurila boshlandi. Hozirgi kunda Surxondaryo viloyatida 51, mamlakatimiz bo'yicha 151 pillaxona mavjud. 

Shavkat Mirziyoyev kelgusi besh yilda pillaxonalarni 10 mingtaga, pilla eksportini yiliga 1 milliard dollarga yetkazish zarurligini qayd etdi. Buning uchun mavjud tutzorlarning barchasi "O'zbekipaksanoat" uyushmasiga beriladi. Har bir tutzorda bittadan pillaxona quriladi. Tut qator oralariga qishloq xo'jalik ekinlari ekiladi. 

Viloyatning o'tgan yili pillachilikda yuqori samaradorlikka erishgan faol pillakorlariga Prezidentimiz sovg'asi sifatida 12 ta "Damas" avtomobili hamda ikkita qishloq xo'jalik texnikasi topshiriladi. 

Shu yerning o'zida viloyatda qishloq xo'jaligini rivojlantirish, issiqxonalar, anorzorlar, yong'oqzorlar, intensiv bog' va tokzorlar, kovrak va pista plantatsiyalari, baliqchilik va parrandachilik komplekslari tashkil etish, yer o'lchashda dronlardan foydalanish kabi loyihalar taqdimoti o'tkazildi. 

Davlatimiz rahbari mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash uchun qishloq xo'jaligida intensiv texnologiyalar asosida istiqbolli loyihalarni izchil amalga oshirish, xalqaro moliya tashkilotlarining kredit mablag'larini jalb etgan holda meva-sabzavotchilik, chorvachilik va boshqa tarmoqlarni rivojlantirish lozimligini ta'kidladi. Shuningdek, xorijiy investorlar bilan hamkorlikni kengaytirish, viloyatda yangi tarmoqlarni o'zlashtirish hisobiga iqtisodiyot barqarorligini mustahkamlash lozimligi qayd etildi. 

Bugungi kunda Rossiya, Avstriya, Isroil va boshqa davlatlar ishbilarmonlari bilan viloyatdagi investitsiya loyihalari bo'yicha hamkorlik ishlari boshlangan. Prezidentimiz ishbilarmonlar bilan suhbatda mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, valyuta bozorini erkinlashtirish va xorijiy investorlar manfaatlarini himoya qilishga qaratilayotgan e'tibor tufayli tashqi bozorda O'zbekistonning sheriklari ko'payib borayotganini, Surxondaryo viloyatida ham ular uchun qulay imkoniyatlar mavjudligini ta'kidladi. 

Shavkat Mirziyoyev viloyatga avvalgi tashrifi chog'ida baliq, tuxum va parranda go'shti yetishtirish, chorvachilikni rivojlantirish va aholini sifatli mahsulotlar bilan ta'minlash borasidagi loyihalar bilan tanishib, zarur tavsiyalar bergan edi. Taqdimot chog'ida ana shu loyihalar ijrosi atroflicha muhokama etildi. Bobotog' o'rmon xo'jaligi yerlarida pistazor, bodomzor va yong'oqzorlar, kovrak plantatsiyalari barpo etish, "o'simliklar klinikasi" tashkil etish orqali aholi tomorqasida yetishtirilayotgan meva-sabzavot ekinlarini zararkunanda hasharotlardan asrash kabi loyihalar yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berildi. 

Prezidentimiz Hakim Termiziy maqbarasini ziyorat qildi. Ziyorat chog'ida Qozog'istonning Aktyubinsk viloyatida yurtdoshlarimiz vafot etganidan chuqur qayg'uda ekanini aytib, ularning yaqinlariga ta'ziya bildirdi. 

Marhumlar haqiga Qur'on tilovat qilindi. 

Shavkat Mirziyoyev "ASG Group" korxonalar uyushmasiga qarashli "Jarqo'rg'on meva-sabzavot eksport" mas'uliyati cheklangan jamiyatida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. 

Bugungi kunda "ASG Group" korxonalar uyushmasi tarkibida 18 korxona faoliyat yuritadi. Ularning 6 tasi Surxondaryo viloyatida tashkil etilgan. Mazkur korxonalar qishloq xo'jaligi mahsulotlari yetishtirish, chuqur qayta ishlash va uni eksport qilish bilan shug'ullanadi. 2016-2017-yillar Xitoy, Afg'oniston, Pokiston, Vetnam, Birlashgan Arab Amirliklari, Malayziya, Turkiya va MDH davlatlariga 74 million dollarlik qishloq xo'jaligi mahsulotlari eksporti amalga oshirilgan. Joriy yil eksport hajmini 150 million dollarga yetkazish mo'ljallanmoqda. 

Ayni paytda Surxondaryo viloyatida "ASG Group" korxonalar uyushmasiga qarashli 2 ta qishloq xo'jaligi mahsulotlarini qayta ishlovchi logistika markazi faoliyat ko'rsatmoqda. Kelgusida Denov, Sariosiyo, Oltinsoy, Angor, Muzrabot tumanlarida ham yirik logistika markazlarini ishga tushirish bo'yicha amaliy ishlar olib borilmoqda. 

Davlatimiz rahbariga "Jarqo'rg'on meva-sabzavot eksport" mas'uliyati cheklangan jamiyatining Denov tumanida 2018-yilda tashkil etiladigan kartoshkani Fransiya intensiv texnologiyasi asosida yetishtirish loyihasi haqida ma'lumot berildi. Fransiyadan birinchi avlod kartoshka urug'lari keltirilib, 2 ming gektar maydonga ekiladi. Tomchilatib sug'orish usuli joriy etiladi. Bunda suv resurslari sarfi to'rt barobar tejalishiga erishiladi. Bir gektar yerdan kamida 50 tonna hosil olish mumkin. 

Loyiha qiymati 240 milliard so'm. 60 milliard so'mi korxonaning o'z mablag'i, 180 milliard so'mi bank kreditidir. Loyiha to'liq amalga oshgach, 1,5 ming ish o'rni yaratiladi. 

Prezidentimiz qishloq xo'jaligiga ilmiy asosda yondashish yuqori samaradorlikka erishish, aholi farovonligini oshirishda asosiy omil bo'lishini ta'kidladi. Sohaga intensiv texnologiyalarni yanada kengroq joriy etish bo'yicha mutasaddilarga ko'rsatmalar berdi. 

"Angor Surxon g'ururi" tomonidan to'qimachilik klasteri tashkil etish loyihasi ham taqdim etildi. 

Bunda 3,5 ming gektar yerda yuqori rentabelli intensiv tolali paxta navlari yetishtirish mo'ljallanmoqda. Yuqori texnologiyalar asosida hosildorlikni 50-60 sentnerga oshirish, hosilni chuqur qayta ishlab, tayyor mahsulot ishlab chiqarish ko'zda tutilmoqda. Ushbu korxona tomonidan 40 gektar maydonda limon, shaftoli, qulupnay, ko'kat yetishtirish bo'yicha issiqxonalar tashkil etish loyihasi haqida ham ma'lumot berildi. Bu aholi daromadlarini oshirish, bandligini ta'minlashga xizmat qiladi. 

"ASG-Surxon exsport-import savdo" korxonasi tomonidan bo'z va sug'orilmaydigan yer maydonlarida tomchilatib sug'oriladigan intensiv bog'lar tashkil etish loyihasi taqdimoti ham o'tkazildi. Olingan mahsulot qayta ishlanib eksportga yo'naltirish maqsad qilingan. 

Mazkur yo'nalishda 2018-yilda 900, 2019-yilda 1 ming 150 gektar maydonda intensiv bog'lar yaratiladi. Ayni paytda amaliy ishlar boshlab yuborilgan. AQSh, Isroil va Turkiyadan mutaxassislar jalb qilingan. Rejalashtirilgan 9 quduqdan 3 tasida burg'ulash ishlari yakunlandi. 

Shu yerda Termiz shahri bosh rejasi asosida ko'p qavatli uylar, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Otalar choyxonasi, masjid qurish, "Xo'jaipok" tumanlararo ichimlik suvi ishlab chiqarish, zamonaviy kanalizatsiya tarmoqlari yotqizish, viloyatda ko'p qavatli uy-joylarni ta'mirlash, uy-joy mulkdorlari faoliyatini takomillashtirish, Denov shahrining Sharof Rashidov nomidagi ko'chasini qayta qurish, ko'cha atrofida ko'p qavatli uy-joylar barpo etish loyihalari haqida ham batafsil ma'lumot berildi. 

Davlatimiz rahbari aholini uy-joy bilan ta'minlash doimiy e'tiborda bo'lishi lozimligini qayd etdi. Qurilayotgan uylar narxini yanada arzonlashtirish, buning uchun mahalliy qurilish materiallari ishlab chiqarishni yanada ko'paytirish kerak, dedi Prezidentimiz. 

Termiz shahri bosh rejasi doirasida 30 ta yetti qavatli uy qurilishi belgilangan edi, aholi talabi inobatga olinib, Prezidentimiz ko'rsatmasi bo'yicha yana 32 ta yetti qavatli uy quriladigan bo'ldi. Shuningdek, ichimlik suvi bo'yicha ko'zda tutilgan loyihani imkon qadar tezroq amalga oshirish lozimligi qayd etildi. 

Shavkat Mirziyoyev Angor tumanidagi "Bio Texno Eco" mas'uliyati cheklangan jamiyatining maishiy chiqindilarni saralash va qayta ishlash zavodi faoliyati bilan tanishdi. 

Zavod Termiz shahri, Termiz va Angor tumanlaridan chiqindilarni yig'ish, saralash, qayta ishlash hamda ulardan tayyor mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Bu yerda qurilish-montaj ishlari, ilg'or texnologiyalarni o'rnatish, maxsus chiqindi tashish texnikalarini xarid qilish uchun 8 million dollardan ortiq mablag' sarflandi. 

Korxona yiliga 182 ming tonnadan ortiq chiqindini saralab, qayta ishlash quvvatiga ega. Bu yerda ishlatilgan plastmassadan polietilen quvurlar, shishadan mozaika va plitkalar, yog'ochdan briket, qog'oz chiqindisidan karton va qog'oz, oziq-ovqat chiqindisidan biogaz hamda biogumus ishlab chiqariladi. Korxona shu yilning yanvar oyi oxirida ish boshlashi rejalashtirilgan. Ayni paytda 150 kishi ishga qabul qilingan. Zavod to'liq ishlay boshlagach, yana 250 kishi ish bilan ta'minlanadi. 

Shu yerning o'zida viloyatda gidroenergetika, ko'mir sanoati va boshqa sohalarni rivojlantirish, qurilish materiallari ishlab chiqarish, bo'sh turgan obyektlardan samarali foydalanish loyihalari taqdimoti ham o'tkazildi. 

Boysun tumanida joylashgan "Markaziy" va "Sharqiy" uchastkalarida toshko'mir qazib olishni tashkil etish loyihasining taxminiy qiymati 50 million dollarni tashkil etadi. Uni 2020-yilda foydalanishga topshirib, yiliga 450 ming tonna ko'mir qazib olish mo'ljallanmoqda. Mazkur loyihaning o'zlashtirilishi tog'li tumanda 320 kishining bandlik masalasini hal etadi. 

"O'zqurilishmateriallari" aksiyadorlik jamiyati viloyatda yangi sanoat korxonalarini barpo etib, zamonaviy inshootlar uchun tayyor qurilish materiallari ishlab chiqarishga e'tiborni kuchaytirmoqda. Aksiyadorlik jamiyati 2018-2019-yillarda sement ishlab chiqaradigan ikkita korxona loyihasini qo'llab-quvvatlamoqda. Viloyatda boy zaxiraga ega qamishni qayta ishlab, plitalar tayyorlashni rag'batlantirayotir. Loyihalar amalga oshsa, 2 mingdan ortiq ish o'rni yaratiladi. 161,4 milliard so'm byudjetga tushumlar tushishi ta'minlanadi. 

Muzrabot tumanida "Surxon KSP Grand" MChJ tomonidan qamishdan QZP va LQZP (DSP) mahsulotini ishlab chiqarish kompleksi tashkil etilayotgani samarasida viloyat hududida o'sadigan qamish qayta ishlanib, qurilish inshootlari uchun zarur arzon va sifatli tayyor mahsulot ishlab chiqarish yo'lga qo'yiladi. Yiliga 150 ming kvadrat metr qamish zarrachali va laminatsiya qilingan plitalar ishlab chiqarish quvvatiga ega bo'ladi. Korxona to'la quvvat bilan ishga tushgach, 400 kishi doimiy, 5 ming kishi mavsumiy ish bilan ta'minlanadi. 

Sherobod tumanidagi Jerdanak konidan olinadigan mineral boyliklarni qayta ishlab chiqarish kompleksini tashkil etish loyihasini viloyatdagi "Surxon Termiz Chinni", "Surxon Kaolin" va "Surxon-Keramiks" mas'uliyati cheklangan jamiyatlari amalga oshiradi. Xususan, "Surxon Termiz Chinni" MChJ loyihasining umumiy qiymati 12,5 milliard so'm. Uning 8,5 milliard so'mi tijorat bankining kredit mablag'i bo'lib, yiliga 6 million donadan ortiq chinni ishlab chiqarish yo'lga qo'yiladi. "Surxon Kaolin" jamiyati tomonidan ro'yobga chiqarilishi ko'zda tutilayotgan yangi loyiha yiliga 20 ming tonnagacha turli mineral boyliklarni qayta ishlaydi. Bu yerda boyitilgan import o'rnini bosuvchi tayyor mahsulot mamlakatimiz chinni buyumlari ishlab chiqaruvchilari hamda o'tga chidamli g'isht va plita ishlab chiqaruvchi korxonalar, jumladan, "Surxon-Keramiks" jamiyatiga yetkazib beriladi. 

Davlatimiz rahbari Sherobod tumanida "Euro med plus" xususiy diagnostika va davolash markazi faoliyati bilan tanishdi. 

Mamlakatimizda xususiy tibbiyot rivojiga qaratilayotgan alohida e'tibor samarasida olis qishloqlar aholisiga ham zamonaviy, yuqori texnologik tashxis qo'yish va davolash imkoniyati yaratilmoqda. 

Shu kunlarda foydalanishga topshirilgan mazkur tibbiyot muassasasi komputer tomografi, raqamli rentgen, ultratovush tekshiruvi, videogastroskop, videokolpaskop uskunalari bilan jihozlangan. Shuningdek, bemorlarni ultratovush, elektr, magnit, lazer bilan davolash, umurtqa churralarini traksion cho'zish yo'li bilan sog'lomlashtirish imkoniyatlari mavjud. Kelgusida bu yerda jarrohlik amaliyotlarini yo'lga qo'yish ham nazarda tutilmoqda. 

Endilikda shoshilinch holatlarda bemorlar Termiz shahridagi tibbiy markazlarga borib kelish tashvishidan qutildi. Agar 182 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladigan Sherobod, shuningdek, qo'shni Muzrabot, Boysun, Angor, Qiziriq tumanlarida tez va aniq tashxis qo'yishda zarur bo'lgan zamonaviy uskunalar yetishmasligini hisobga olsak, mazkur tibbiyot maskani faoliyatining ahamiyati yanada yaqqol namoyon bo'ladi. 

Ushbu markazda tibbiyot kollejlari o'quvchilari uchun amaliyot markazi tashkil etilgan bo'lib, ular bu yerda nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlaydi. 

Davlatimiz rahbari klinika imkoniyatlari bilan tanishar ekan, mazkur shifo maskani bilan poytaxtimizdagi "Akfa Medline" klinikasi o'rtasida hamkorlikni, tajriba almashishni yo'lga qo'yish zarurligini ta'kidladi. 

Shavkat Mirziyoyev tumanning Taroqli mahallasida ham bo'lib, "Pokiza" nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasi faoliyati bilan tanishdi. 

Tadbirkor Abduqodir Norbekov barpo etgan ushbu muassasada sharoitlar maktabgacha yoshdagi bolalarning dunyoqarashini shakllantirish uchun har tomonlama qulay va shinam qilib jihozlangan. 

Davlatimiz rahbari bog'chada kichkintoylar va pedagog-tarbiyachilar uchun yaratilgan sharoit, tarbiya jarayoni qanday yo'lga qo'yilgani bilan qiziqdi. Bu yerda kichkintoylarning sog'lom bo'lib ulg'ayishi uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirish, yopiq suzish havzasi barpo etish zarurligini ta'kidladi. Tumanda aholining talab-istaklarini inobatga olib, yana 10 nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasi qurish va bolalarni ularga qamrab olishni kengaytirish yuzasidan tegishli ko'rsatmalar berdi. Bog'chalar qurilishi uchun "O'zmilliybank" tomonidan 25 milliard so'm kredit ajratiladi. 

Prezidentimiz Iso Termiziy maqbarasini ziyorat qildi. Ushbu qadamjo yonida bunyod etilgan masjidni kirib ko'rdi. Davlatimiz rahbarining viloyatga oldingi tashrifi chog'ida rejalashtirilgan mazkur masjid keng va yorug' qilib qurilgan. 

Prezidentimiz bunday ezgu ishlardan Termiziy bobomizning ruhi shod bo'lishi, bu maskanga kelgan odamning ruhi ko'tarilib, e'tiqodi mustahkamlanishini ta'kidladi. 

Qiziriq tumani markazida Surxondaryo viloyati faollari yig'ilishi bo'lib o'tdi. Unda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish, yosh avlodni tarbiyalash va ish bilan ta'minlash masalalariga alohida e'tibor qaratildi. 

O'zA

Interaktiv xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali