Yo'lsozlarning poytaxtdagi ishlaridan lavhalar
Respublika Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 4-apreldagi "Inqirozga qarshi kurashish jamg'armasi mablag'lari hisobidan 2020-yil qo'shimcha ijtimoiy va infratuzilma obektlarini shakllantirish va amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori, shuningdek, hukumatning 2020-yil 8-maydagi 13-sonli yig'ilish bayoni qarori asosida – poytaxtimizdagi talay yo'l va ko'chalar yangidan qurilib, ta'mirlanib borilmoqda.
Shuni ta'kidlab o'tish kerakki, mazkur hujjatlar asos bo'lgan ishlar qo'mita tarkibidagi "Toshkent shahar mintaqaviy yo'llarga buyurtmachi xizmati" Davlat unitar korxonasi buyurtmachiligida amalga oshirilmoqda.
Ma'lumot tarzida keltirish o'rinliki, hukumatning mazkur qaroriga asosan yangidan quriladigan va ta'mirlanadigan poytaxt ko'chalarining umumiy uzunligi – 34,61 kilometrni tashkil etadi. Yil oxiriga hamda qisman keyingi yil boshiga qadar davom etadigan mazkur qurilish va ta'mirlash jarayonlarining salmoqli qismi yakunlanish arafasida.
Xususan, Sergeli, Olmazor, Mirzo Ulug'bek, (qisman Shayxontohur) tumanlaridagi ko'chalar yangidan qurilib, foydalanishga topshirilayotgan bo'lsa, Shayxontohur, Uchtepa, Mirobod, Yashnobod, (qisman Mirzo Ulug'bek) tumanlaridagi ob'ektlar – 2020-yil oxiri va 2021-yilning 1-choragida poyoniga yetadi.
Ta'kidlab o'tmoqchimizki, mazkur ob'ektlardagi – yo'l asosini qurish, asfalt-beton va tsement-beton qoplamalarni yotqizish, temir-beton lotoklarni montaj qilish, piyodalar yo'laklari, velosipedlar uchun maydonchalar barpo qilish hamda yoritish va sug'orish tizimlarini montaj qilish kabi ishlarning aksariyati yakuniga yetdi.
Avtomobil yo'llari qo'mitasi
Matbuot xizmati